Toshkentda isitish va issiq suv ta’minoti uchun eski tariflarning amal qilish muddati qisqartirildi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining (VMQ-194-son) 95-bandiga oldindan to‘lov amalga oshirilganda tarifni qo‘llash tartibi bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, oldindan to‘langan xizmatlar uchun tarifni belgilash muddati 12 oydan 2 oygacha qisqartirildi.

Endilikda oldindan to‘lov amalga oshirilganda, tarif to‘lov sanasidan boshlab hisoblanadi. Belgilangan tarif oldindan to‘lov davri uchun amal qiladi, lekin bu ikki oydan oshmasligi kerak.

Agar tarif ushbu davrda o‘zgarsa, to‘langan xizmatlar hajmi uchun qayta hisoblash amalga oshirilmaydi. Bu muddat tugagandan so‘ng esa, to‘lovlar amaldagi tarif bo‘yicha belgilanadi.

Avvalroq Spot foydalanish muddati 50 yildan oshgan uylarni qayta rejalashtirish taqiqlanishi haqida yozgan edi.