Avvalroq Spot prezident 2026-yil 1-iyuldan boshlab qurilish obyektlari “bir ariza — bir to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilinga n.

Buning uchun elektr tarmoqlari, gaz, suv ta’minoti va boshqa tashkilotlarning yuklama, mavjud zaxiralar va ulanish nuqtalari to‘g‘risidagi ma’lumotlari “Raqamli hukumat” tizimiga geoaxborot tizimi formatida uzatiladi.

Toshkentda bu ishlar 2026-yil oxirigacha, boshqa hududlarda esa 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kerak. Integratsiyadan so‘ng, raqamlashtirilgan bosh rejali aholi punktlarida tarmoqlarga ulanish uchun texnik shartlar avtomatik ravishda, inson ishtirokisiz beriladi.

Qurilish jarayonida yuritiladigan ijro hujjatlari raqamli formatga o‘tkaziladi. Endi qog‘oz shaklidagi nusxalari talab etilmaydi.

Pudratchilar uchun qo‘shimcha mas’uliyat choralari ham joriy etilmoqda. Agar kompaniya ko‘p xonadonli uyning kafolat muddati davomida Inspeksiya aniqlagan nuqsonlarni bartaraf etmasa, uning reytingiga jarima ballari yoziladi.

2029-yil 1-iyulgacha pudrat va loyiha tashkilotlari, agar ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan bo‘lsa, binolarni tekshirish uchun maxsus texnika, laboratoriya uskunalari va asbob-uskunalarini olib kirishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Farmon, shuningdek, foydalanish muddati 50 yildan ortiq bo‘lgan ko‘p qavatli uylarni qayta rejalashtirishni taqiqlaydi. Binolarni mustahkamlash ishlari bundan mustasno.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida Shaharsozlik sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish respublika markazi tashkil etiladi.

U “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” platformasini yuritadi, narx belgilash tizimini raqamlashtiradi hamda qurilish materiallari va resurslari bozoridagi vaziyatni kuzatib boradi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlar bo‘yicha loyihalash va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda bajarish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi. Buning o‘rniga tajriba tariqasida qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida bajariladi.

Bunday tartibni tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarda qo‘llash mumkin bo‘ladi. Ko‘p kvartirali uylarga bu qoida tatbiq etilmaydi.

Budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar uchun uni faqat prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida qo‘llash mumkin bo‘ladi. Bunda qurilish-montaj ishlari har bir bosqich bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilib, Inspeksiya tomonidan reja-jadval asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng boshlanadi.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi uch oyda qurilish sohasiga oid 1000 ga yaqin shikoyat qabul qilgani haqida xabar berilgandi.