Raqobat qo‘mitasi qurilish sohasidagi qonunbuzarliklar bo‘yicha shikoyatlar soni keskin oshganini ma’lum qildi.

2025-yilda idora ushbu mavzu bo‘yicha 1706 ta murojaat qabul qilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich qariyb mingtaga yetdi.

Nazorat organi bir qator sohalarda “qonun hujjatlari talablariga to‘liq rioya etilmayotganini” qayd etdi. Asosiy shikoyatlar quyidagi mavzularda kelib tushgan:

  • ishlarning sifatsiz bajarilishi;
  • amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirish;
  • obyektlarni topshirish muddatlarining buzilishi;
  • texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanish;
  • loyiha bosqichida berilgan va’dalarning bajarilmasligi va hokazo.

Obyektlar qurilishida kechikishlar, shuningdek, uylarni qurishga ruxsatnoma rasmiylashtirmasdan turib, ular uchun oldindan pul yig‘ilishi bo‘yicha shikoyatlar soni ko‘paygani alohida qayd etildi.

Qo‘mita fuqarolarni ulushli qurilishda ham, yangi qurilgan uydan kvartira sotib olishda ham oldi-sotdi shartnomasi shartlarini sinchkovlik bilan o‘rganishga chaqirdi.

Xaridorlar tomonlarning huquq va majburiyatlariga, jumladan ularning mutanosibligiga, shuningdek, obyektni foydalanishga topshirish muddatlariga va bu muddatlarni buzganlik uchun belgilangan javobgarlikka e’tibor qaratishi lozim.

O‘zbekistonda ulushli qurilish bilan faqat maxsus elektron reyestrga kiritilgan kompaniyalar shug‘ullanish huquqiga ega, deya eslatdi qo‘mita. Bundan tashqari, uy-joy sotib olish sohasidagi hisob-kitoblarda shaffoflik va ishonchni ta’minlash maqsadida prezident farmoni bilan eskrou-hisoblar tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qo‘mita quruvchilarni fuqarolarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi. “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun tovarlar va xizmatlarni erkin tanlash huquqini, ularning sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash hamda moddiy va ma’naviy zararni qoplashni talab qilish imkoniyatini kafolatlaydi.

Shartnomalarning iste’molchilar huquqlarini buzuvchi yoki qonunchilikka zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Konstitutsiya iste’molchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda biznes erkinligini kafolatlashni nazarda tutadi. O‘z navbatida, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun biznesdan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etishni talab qiladi.

Nazorat organi qurilish korxonalarini ishlarni yakunlash imkoniyatlaridan kelib chiqib, obyektlarni qurishning aniq va shaffof muddatlarini belgilashga chaqirdi. Bundan tashqari, ruxsat berilmaydi.

Raqobat qo‘mitasi 2025-yilda fuqarolardan kvartira sotib olish bilan bog‘liq 1700 dan ortiq murojaatlarni qabul qilgani haqida xabar berilgandi.

Murojaatlarning asosiy qismi (42,9%) uylarning taʼmir sifati bilan bog‘liq. Yana 40,8% murojaat kommunikatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq muammolar tufayli, 16,3% holat esa uylarni o‘z vaqtida topshirilmasligi sababli murojaat qilgan.

Murojaatlarning 76%i qo‘mita tomonidan ijobiy hal etilgan. Ish natijalariga ko‘ra, iste‘molchilarga 22,1 mlrd so‘m qaytarilgan.

Quruvchilar va xaridorlar o‘rtasida shartnomalar tuzish masalalari alohida qayd etildi. O‘rganilgan 130 ta hujjatning aksariyatida obyektni topshirish muddatlari, kechikkanlik uchun penya, qayta hisoblash mexanizmlari, kvartiradan foydalanishning kafolatli muddatlari, shuningdek, nizolarni hal qilish tartibi aniq ko‘rsatilmagan.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorixonalarda narxlar asossiz 21 mlrd so‘mga oshirilganini aniqlagani haqida yozgandi.