Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Yig‘ilishda xususiy sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi.
Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 o‘rinli xususiy maktab tashkil etilib, kambag‘al oilalarning 110 nafar farzandi bepul o‘qitilayotgani ijobiy misol sifatida keltirildi. Bunda bepul ta’lim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi, farzandining muntazam darsga qatnashini ta’minlashi kerak.
Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida 400 ta bo‘sh ish o‘rni borligi, biroq bola parvarishi bilan bog‘liq sharoit yetarli emasligi sababli ko‘plab ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etildi. Korxona rahbari bog‘cha tashkil etish uchun yer ajratilsa, ayollar uchun ovqatlanish va transport sharoiti yaratishga tayyorligini bildirgan.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar bog‘cha, maktab va texnikum tashkil etish bo‘yicha tayyor loyihalar taklifi bilan chiqib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitmoqchi bo‘lsa, davlat yer uchastkalarini 1 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani ta’kidlandi.



Shuningdek, qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2% bo‘lishi belgilandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.


