Raqobat qo‘mitasi dori vositalari narxini oshirish bo‘yicha 686 mingga yaqin holatni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan davr mobaynida (aniq vaqt oralig‘i ko‘rsatilmagan — Spot) 2,5 mingga yaqin dorixona belgilangan savdo ustamasini oshirib yuborgan. Turli holatlarda narxlar 10% dan uch baravargacha oshirilgani kuzatilgan.

Bunday xatti-harakatlar natijasida olingan asossiz daromad hajmi 21,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi choragida qo‘mita 190 dan ortiq dorixonada shunga o‘xshash 110,5 mingta holatni aniqladi. Natijada 1,4 mlrd so‘mdan ortiq asossiz olingan mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rildi.

Fevral oyida qo‘mita 2025-yilda dori vositalarining referent narxlarini oshirish bilan bog‘liq 267 456 ta holat aniqlangani to‘g‘risida maʼlumot bergandi. Aprel oyi boshida esa idora 414,3 mingta qoidabuzarlik haqida xabar bergan, shulardan qariyb 147 mingtasi shu yil boshidan buyon qayd etilgan.

Tekshiruvlar yakuni bo‘yicha nazorat organi 8,5 mlrd so‘mning qayta hisob-kitob qilinishiga erishdi. Shuningdek, qo‘mita taqdimnomasiga asosan oltita korxona avvalroq berilgan dorixona faoliyati uchun litsenziyalaridan mahrum qilindi.

Nazorat organi fuqarolarga dori vositalarining ruxsat etilgan chakana narxlarini Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanadigan referent narxlar reyestri orqali tekshirish imkoniyati mavjudligini eslatdi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, qo‘mitaning 1159 ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Spot, avvalroq, OLX UZ onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topilgani haqida yozgandi.