Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan barcha hududlarda mazkur farmonda nazarda tutilgan davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi.
1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “1 ta ariza — 1 to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, shuningdek, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid bo‘lmagan planirovka o‘zgarishlari mavjud bo‘lganda loyiha hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi.
Bunday hollarda bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi.
Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.
2026-yil 1-sentabrdan qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalaniladi.
Shuningdek, qurilishi yangidan boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Bular qatoriga tadbirkorlar tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlari kiradi.
Bundan tashqari, budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan va qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan obyektlarda ham videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.
Avvalroq prezident O‘zbekiston 2040-yilga borib urbanizatsiya darajasini 65% ga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.