Shavkat Mirziyoyev 18-may kuni Bokudagi Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan Yetakchilar sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Forumda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash hamda uy-joy qurilishini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida shaharlarni barqaror rivojlantirish Yangi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega masalalardan biri ekanini ta‘kidladi. Yaqin 15 yil ichida mamlakat aholisi 38 mlndan 50 mln nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51% dan 65% ga yetishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishini keng ko‘lamda rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.

Oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030-yilda esa bu ko‘rsatkich yana 1,5 barobar oshadi. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili budjetdan qariyb $2 mlrd mablag‘ ajratilmoqda.

Norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024-yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, mamlakatda eskirgan uy-joylarni yangilash bo‘yicha renovatsiya dasturi amalga oshirilib, yangilangan xonadonlar ulushini 15% dan 60% ga yetkazish nazarda tutilgan.

Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi tashkil etildi.

Shaharlarning ekologik barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yashil makon, Toza havo dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha 30% ga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Davlat rahbari hududlarni obodonlashtirish va aholi turmush sifatini oshirishda mahalla instituti muhim o‘rni tutishini ham alohida taʼkidladi.

Yangi Toshkent megaloyihasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari to‘liq hisobga olingan. Birinchi bosqichning o‘zida qiymati $25 mlrddan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan.

“Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki Yangi O‘zbekiston massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, davlat rahbari kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirish maqsadida “mutanosib urbanizatsiya” tamoyillarini keng joriy etishga chaqirdi.

Xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi"ni tashkil etish tashabbusi bildirildi. Tuzilma shahar boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish sohasida texnologiyalar, standartlar va eng yaxshi tajribalar bilan almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.

Yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida 2027-yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazish taklif qilindi.

Ekologik barqaror shaharlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning Yashil shahar xalqaro mukofotini taʼsis etish ham yana bir muhim tashabbus bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni va uning bosh mavzusini Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni deb nomlashni taklif qildi.

Sammit doirasida boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham so‘zga chiqdi.


Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev TDT doirasida sunʼiy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.