15-may kuni E-auksion platformasida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosini sotish bo‘yicha takroriy auksion savdolari bo‘lib o‘tdi.
Yetti qavatli ma‘muriy bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida, O‘rda dahasi yaqinida — Turonbank ofisi va Toshkent shahar soliq boshqarmasi yonida joylashgan.
Yer uchastkasining maydoni 0,5 gektardan oshmaydi, bino va inshootlarning umumiy maydoni 11,7 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Obyekt muhandislik kommunikatsiyalari bilan to‘liq ta‘minlangan — suv, gaz va elektr ta‘minoti hamda kanalizatsiya tizimlariga ulangan. Lotning boshlang‘ich qiymati 187,23 mlrd so‘mni tashkil etgandi.
Auksion g‘olibi Hamkorbank bo‘ldi, u 196,6 mlrd so‘m ($16,4 mln) taklif qildi — bu boshlang‘ich narxdan taxminan 5% ga yuqoridir.
Savdolar 10 daqiqadan sal ko‘proq vaqt ichida yakunlandi. Bank g‘oliblikni keltirgan taklifni auksion boshlanganidan atigi 10 soniya o‘tib kiritdi. Bitim yuzasidan shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Mazkur lot Vazirlar Mahkamasining davlat idoralari binolarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga asosan ilk bor 2025-yil noyabr oyida savdoga qo‘yilgan edi. O‘sha yilning dekabrida bo‘lib o‘tgan auksionda O‘zshahar Qurilish Invest qurilish kompaniyasi 182,47 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib chiqqandi.
O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi yana bir qator obyektlarni — xususan, Transport vazirligi, O‘zavtoyo‘l, UzTest, O‘zakk akkreditatsiya markazi va Ekoekspertiza markazi binolarini savdoga qo‘ygandi. Barcha tashkilotlar Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hamkorbank haqida
1-aprel holatiga ko‘ra, Hamkorbank aktivlari hajmi bo‘yicha (38,6 trln so‘m) O‘zbekistonning eng yirik 10 ta banki qatoriga kiradi. Bankning kredit portfeli 26,7 trln so‘mni, depozit portfeli esa 14,5 trln so‘mni tashkil qiladi.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, 1991-yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi Hamkorbank aksiyadorlik-tijorat bankining to‘rtta yirik ta‘sischisi mavjud:
- Ibragimov Ikrom Ibragimovich (59,2%);
- Nederlandse Financierings-Maatschappij Voor Ontwikkelingslanden N.V. (14,6%);
- responsAbility Participations Aktiengesellschaft (10,5%);
- Xalqaro moliya korporatsiyasi (7,3%).
Bank aksiyalarining atigi 8,4%i qolgan aksiyadorlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Xususiy bankning ustav fondi 646,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Boshqaruv raisi — Jo‘rayev Baxtiyorjon To‘ymurodovich.

Spot, avvalroq, uy-joy qurilishi uchun sotilgan yer maydonlari qisqargani haqida yozgandi.