Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda E-auksion uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari savdolarini tahlil qildi.

Institut ma‘lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida uy-joy qurilishi uchun kimoshdi savdosida sotilgan yer maydonlari sezilarli qisqargan.

Xususan, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlar maydoni 2025-yilning shu davriga nisbatan 49,9 gektardan 27,6 gektargacha kamaygan. Ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun sotilgan yer maydoni esa 48,3 gektardan 14,1 gektargacha qisqargan.

Shuningdek, Yangi O‘zbekiston massivlarida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yerlar hajmi 17,2 gektardan 4 gektargacha tushgan.

Joriy yilning birinchi choragida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlarning asosiy qismi Xorazm viloyati (5,1 ga), Surxondaryo viloyati (2,6 ga), Namangan viloyati (2,6 ga) va Sirdaryo viloyati (1,5 ga) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tadqiqotda qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati kabi gorizontal kengayib borayotgan hududlarda yakka tartibdagi uy-joylar uchun yer savdosi ustun bo‘lib qolmoqda.

Xususan, respublika bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlarning 66,6% i Qoraqalpog‘iston, 9,7% i esa Jizzax viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, vertikal urbanizatsiya kuchayib borayotgan hududlarda ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun yer narxlari yuqoriroq shakllangan.

Masalan, 2026-yilning birinchi choragida Namangan viloyatida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun 1 kvadrat metr yerning o‘rtacha narxi 720 ming so‘mni, Farg‘ona viloyatida esa 684 ming so‘mni tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, mazkur ko‘rsatkich Jizzax viloyatida 101 ming so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 45 ming so‘m bo‘lgan.

e-auksion, mhti, uy-joy qurilish, yer maydoni

Yakka tartibdagi uy-joylar uchun mo‘ljallangan yerlar narxida ham katta tafovut kuzatilgan. Birinchi chorakda 1 kvadrat metr yer narxi Sirdaryo viloyatida 258 ming so‘m, Buxoro viloyatida 105 ming so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida 16 ming so‘m va Qashqadaryo viloyatida 14 ming so‘m bo‘lgan.

Tadqiqotda uy-joy qurilishi uchun sotilgan yer maydonlari hududlardagi urbanizatsiya yo‘nalishini baholash mezoni sifatida olingan.

Bunda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlar ulushi yuqori bo‘lgan hududlar gorizontal urbanizatsiya, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlar ulushi yuqori bo‘lgan hududlar esa vertikal urbanizatsiya yo‘nalishida rivojlanayotgan hududlar sifatida baholangan.

Shu asosda hududlardagi urbanizatsiya uch toifaga ajratilgan: ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlar ulushi 0−40% oralig‘ida bo‘lsa — gorizontal kengayish, 40−60% oralig‘ida bo‘lsa — aralash yoki transformatsiya bosqichi, 60% va undan yuqori bo‘lsa — vertikal o‘sish deb tasniflangan.

Spot, avvalroq, Toshkentda uy-joylar maoshga nisbatan qanchalik arzonlashgani haqida yozgandi.