Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti o‘rta muddatli istiqbolda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining (JSHDS) progressiv shkalasiga o‘tishni taklif qildi. Bu tashabbus 30-iyul kuni fiskal muloqot chog‘ida taqdim etildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

Hozirda O‘zbekistonda JSHDSning bazaviy stavkasi 12% ni tashkil etadi. Institut taqdimotida qayd etilishicha, amaldagi asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirish taklif qilinmoqda: foyda solig‘i — 15%, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12%, qo‘shilgan qiymat solig‘i — 12% darajasida.

Shu bilan birga, institut yaqin yillarda JSHDSning yagona (tekis) shkalasidan voz kechib, progressiv soliqqa tortish tizimiga o‘tishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Institut vakili daromad solig‘ining yagona stavkasi 2019-yilda joriy etilganini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi daromadlari oshayotgani va iqtisodiyotdagi boshqa o‘zgarishlarni inobatga olganda, o‘rta muddatli istiqbolda progressiv shkalaga o‘tish soliqqa tortishning adolatlilik tamoyiliga mos keladi.

“Vertikal adolatni ta‘minlash maqsadida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini progressiv shkalaga o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, — dedi institut vakili.

Bundan tashqari, institut qat‘iy summada belgilangan barcha soliq stavkalarini har yili prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilishni taklif qildi. Tashabbus mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yiliga taxminan 5−6% ni tashkil etadi.

Yana bir tavsiya qat‘iy belgilangan soliq stavkalarini birdaniga uch yil oldindan e‘lon qilish bo‘ldi. Institutning fikricha, bu biznesga narxlar, shartnomalar va ishlab chiqarish hajmini oldindan rejalashtirish imkonini beradi, shuningdek, tartibga solishdagi noaniqliklarni kamaytiradi.

daromad solig'i, fiskal tahlillar instituti, jshds, progressiv shkala

JSHDSning progressiv shkalasi

2024-yil may oyida Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekistonda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (JSHDS) progressiv shkalaga qaytarish mumkinligini bildirdi.

U soliqqa tortishning tekis shkalasidan voz kechish uchun “mustahkam soliq tizimini shakllantirish” zarurligini ta’kidladi va aksariyat xorijiy mamlakatlarda progressiv tizim qo‘llanilayotganini qayd etdi.

O‘shanda Soliq qo‘mitasi Spot so‘roviga javoban Timur Ismoilov shaxsiy fikrini bildirganini ma’lum qilgandi. JSHDSni soliqqa tortishning progressiv shkalasiga o‘tish hozircha Soliq qo‘mitasining rejalariga kiritilmagan.

2025-yil iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga jismoniy shaxslar daromad solig‘ining progressiv shkalasini joriy etishni tavsiya qilgandi. Boshqa takliflar qatorida investitsiya imtiyozlarini qisqartirish, soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish hamda samarasiz bojxona imtiyozlarini bekor qilish ham bor edi.

Spot, avvalroq, 1% lik soliq keshbekining bekor qilinishi budjetga 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashi haqida yozgandi.