Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti xarid summasining 1%i miqdoridagi ommaviy soliq keshbekidan voz kechishni taklif qildi. Uning o‘rniga soliq xavflari yuqori bo‘lgan tarmoqlardagi cheklar uchun manzilli davlat lotereyalarini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu tashabbus 30-iyul kuni fiskal muloqotda taqdim etildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

Institut bahosiga ko‘ra, keshbek mexanizmi o‘zining dastlabki vazifasini bajardi — xaridorlarda chek talab qilish odati allaqachon shakllangan, shu bois barcha xaridlarni bundan buyon subsidiyalash samaradorligi pasayib bormoqda.

Shu bilan birga, dastur uchun budjet xarajatlari o‘sishda davom etmoqda: 2022-yildagi 820 mlrd so‘mdan 2025-yilda 1,51 trln so‘mgacha. Institut prognoziga ko‘ra, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 1,81 trln so‘mga yetadi, amaldagi tizim saqlanib qolsa, 2027-yilda 2 trln so‘mdan oshib ketadi.

Institut yana bir dalil sifatida 10 ta eng yirik savdo tarmog‘i keshbek bo‘yicha barcha to‘lovlarning 10,7% ini olayotganini keltiradi. Tashabbus mualliflarining fikricha, bu budjet amalda iqtisodiyotning qonuniy sektorini subsidiyalayotganini, yashirin aylanmaga qarshi kurash samarasi esa pasayib borayotganini anglatadi. Bundan tashqari, soxta kassa cheklari bilan bog‘liq sxemalar mavjudligi ham qayd etilgan.

Har bir chek uchun 1% to‘lash o‘rniga, davlat lotereyalarini faqat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi yuqori bo‘lgan tarmoqlardagi — masalan, umumiy ovqatlanish va kichik chakana savdo sohalaridagi — cheklar o‘rtasida o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday tizim uchun budjet xarajatlari yiliga 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ni tashkil etadi, bu ommaviy keshbekka sarflanayotgan hozirgi xarajatlardan qariyb 20 baravar kamdir. 2027-yilda kutilayotgan budjet samarasi 2,1 trln so‘mdan ortiqroqqa baholanmoqda.

Ta‘kidlanishicha, bu yil maktabgacha ta‘lim muassasalarini qurish uchun budjetdan atigi 900 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan — bu soliq keshbeki bo‘yicha to‘lovlarga qaraganda ikki baravar kam.

fiskal tahlillar instituti, iqtisodiyot va moliya vazirligi, keshbek, lotereya

Iyul oyi boshida Fiskal tahlillar instituti ilk bor amaldagi soliq keshbeki tizimidan voz kechib, xaridorlarni davlat lotereyalari orqali manzilli rag‘batlantirishga o‘tishni taklif qilgandi.

“Aslida, 'har bir chek rag‘batlantiriladi' tamoyilidan 'iqtisodiyotning eng xavfli segmentlarida nazorat rag‘batlantiriladi' tamoyiliga o‘tish taklif etilmoqda”, — deyilgandi tadqiqotda.

Spot, avvalroq, bank omonatlari foizlaridan 5% lik soliq undirish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.