O‘zbekistonda xaridlar uchun beriladigan soliq keshbeki mexanizmidan bosqichma-bosqich voz kechish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti tahlilida keltirilgan.

Xaridorlarni fiskal chek talab qilishga undash va savdoni shaffoflashtirish maqsadida xarid summasining 1%i miqdorida soliq keshbeki mexanizmi ishga tushirilgan edi. Biroq, endilikda uning samaradorligi davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larning soliq tushumlariga ta’siri nuqtayi nazaridan baholanishi kerak.

Hisobotga ko‘ra, soliq keshbeki uchun budjet xarajatlari yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 2022-yilda keshbek to‘lovlari 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Taqqoslash uchun, 2026-yilda bog‘chalar qurilishiga 900 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

keshbek, soliqlar

Bunday o‘sish budjet yuklamasi ortayotganini ko‘rsatishi va keshbek tizimini moliyalashtirish samaradorligini qayta baholash zaruratini yuzaga keltirayotgani qayd etildi.

Institutga ko‘ra, aylanmadan olinadigan soliq tushumlari oshishda davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati sekinlashgan. 2022-yilda tushumlar 52,3% ga oshgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 8,5% ni tashkil etgan. Bu esa keshbek uchun xarajatlar soliq tushumlari bilan mutanosib oshmayotganini ko‘rsatadi.

keshbek, soliqlar

Nega tizimni o‘zgartirish kerak?

Ommaviy soliq keshbeki mexanizmi bir qator cheklovlarga ega ekani qayd etildi. Xususan, tizim davlat budjetidan doimiy moliyalashtirishni talab qilishi, fiskal cheklarning ko‘payishi bilan budjet xarajatlari ham muntazam ortib borishi ta’kidlangan. Xaridorlarda chek talab qilish odati shakllanganidan keyin qo‘shimcha moddiy rag‘batning samaradorligi ham pasayadi.

Keshbek to‘lovlarining salmoqli qismi esa yirik soliq to‘lovchilarda amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, 2026-yil may oyida xaridorlarga 146,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan bo‘lsa, uning 15,7 mlrd so‘mi yoki 10,7%i Top-10 savdo tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan.

keshbek, soliqlar

Natijada davlat budjeti keshbeksiz ham rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan xaridlarni moliyalashtirishda davom etmoqda.

Tahlilda soliq tizimining uzoq muddatli samaradorligi doimiy keshbek to‘lovlari emas, balki soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish, iqtisodiy operatsiyalar shaffofligini oshirish va qonunbuzarliklarni muqarrar aniqlash orqali ta’minlanishi kerakligi qayd etilgan.

Xalqaro tajribada xaridorlarni fiskal chek uchun pul bilan rag‘batlantirish amaliyoti uzoq muddatli soliq siyosati vositasi sifatida qo‘llanmasligi, buning o‘rniga riskga asoslangan nazorat, Big Data tahlili, elektron hisob-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalari kabi raqamli yechimlar ustuvor ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, elektron tijorat va marketpleyslar rivojlanishi hisobiga savdo operatsiyalari yanada shaffoflashayotgani, davlat axborot tizimlari bilan integratsiya esa budjet mablag‘lari hisobidan keshbek kabi rag‘batlantirish mexanizmlariga ehtiyojni bosqichma-bosqich kamaytirishi ta’kidlangan.

Keshbek o‘rniga lotereya

Institut fiskal chek uchun ommaviy keshbek tizimidan bosqichma-bosqich voz kechib, manzilli rag‘batlantirish choralariga o‘tishni taklif qildi. Xususan, umumiy ovqatlanish va kichik chakana savdo kabi soliq xavfi yuqori sohalarda fiskal chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish ilgari surilmoqda.

Lotereyada avtomobillar, sayohat yo‘llanmalari va qiymati 5 mln so‘mdan yuqori boshqa sovrinlar o‘ynaladi. Buning uchun yiliga 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ yetarli bo‘lishi, natijada budjet xarajatlari qariyb 20 baravar qisqarishi mumkinligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, institut ayrim hollarda real savdo bo‘lmagan bo‘lsa-da, keshbek olish maqsadida soxta fiskal cheklar rasmiylashtirilayotganini ham ta’kidlagan. Bunday holatlar davlat mablag‘larining asossiz sarflanishiga olib kelmoqda.

Bunday sxemalarni onlayn nazorat-kassal mashinalari, tovarlar hisobi, elektron hisobvaraq-fakturalar, to‘lov tizimlari va boshqa davlat axborot resurslari ma’lumotlarini avtomatik solishtirish orqali aniqlanishi lozim.

Avvalroq Spot uch karra yer solig‘i bekor qilingani hamda kimlar pullarini qaytarib olishi mumkinligini tushuntirgan edi.