23-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

U yerda Ozarbayjon yetakchisiga shaharning bosh rejasi, qurilish ishlari, transport va muhandislik infratuzilmasi hamda rivojlanish rejalari taqdim etildi. Shu bilan birga, Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik obyektlar haqida ma’lumot berildi.

Shahar 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 mln aholiga mo‘ljallanmoqda. 2034-yilgacha shaharda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning 6 ming gektarlik birinchi bosqichida turar joylar, ijtimoiy va biznes obyektlari, ta’lim hamda madaniyat maskanlari qurilmoqda. Jumladan, Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa OTMlarning kampuslari barpo etilmoqda.

Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalari yer ostida joylashtiriladi, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalaniladi, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etiladi.

Bu yerda yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilib, Yangi Toshkent poytaxtning mavjud hududlari bilan bog‘lanadi. Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis va biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar jalb qilinmoqda.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdi.

Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi. Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

Muzeyda ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Yetakchilar ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Avvalroq Spot Ortiqxo‘jayev Yangi Toshkentda davlat idoralari binolarini xususiy kompaniyalar hisobidan qurishni taklif qilgani haqida yozgan edi.