Dilmurod Yengiboyev 2003-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida tug‘ilgan. 2021-yilda Beruniy shahridagi 63-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan. Keyinchalik, 2023-yilda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining davolash ishi yo‘nalishida bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilingan. Biroq xorijda ta’lim olish istagidan voz kechmagan Dilmurod 2025-yilda Ruminiya hukumati tomonidan taqdim etiladigan davlat stipendiyasini qo‘lga kiritib, o‘qishini u yerda davom ettirishga qaror qilgan.

Hozirda u Ruminiyaning Buxarest shahridagi Politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti kimyo muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatning 1-bosqichida tahsil olmoqda.


Nima sabab Ruminiya?

Aslida, chet elda o‘qish orzusi menda birdaniga paydo bo‘lmagan. Dastlab xorijda ta’lim olish faqat imkoniyati yuqori oilalar farzandlariga nasib qiladi, deb o‘ylardim. Maktabni tugatganimdan keyin esa asosiy maqsadim O‘zbekistondagi universitetlardan biriga o‘qishga kirish edi.

Oliy o‘quv yurtiga kirishdagi birinchi urinishim muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Keyingi yil biologiyadan jiddiy tayyorlandim, olimpiadalarda qatnashdim va respublika olimpiadasida kuchli beshlikdan joy oldim. Natijada tibbiyot universitetiga o‘qishga kirdim.

Ammo bir yil o‘qigach, tibbiyot mening soham emasligini tushundim. Universitetdagi o‘qishni to‘xtatib, xorijiy universitetlar va grant dasturlarini faol o‘rgana boshladim. Shu davrda dadam ham chet el universitetlari, grantlar va ta’lim imkoniyatlari haqidagi turli ma’lumotlarni yuborib turardi. Bu esa xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini yanada jiddiyroq o‘rganishga turtki bo‘ldi.

Turli davlatlarning stipendiya dasturlarini o‘rganib, ingliz tilimni yaxshiladim va IELTS talab qilmaydigan grant dasturlarini izlay boshladim. Shu jarayonda Youth Scholarships nomli loyihani ham yo‘lga qo‘ydim: grantlar haqida ma’lumot ulashadigan kanal ochib, xorijda o‘qishni istagan yoshlarga maslahat bera boshladim.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Shu vaqt oralig‘ida Malayziya va Indoneziyadan 100% lik, Turkiyadan 50% lik, AQShdan esa 70% lik grantlarni qo‘lga kiritdim. Bu natijalar juda quvontirdi. Biroq mamlakat va universitet tanlashda faqat grant miqdoriga tayanishni istamadim. Moliyalashtirish nimalarni qoplashi bilan birga, mamlakatning ob-havosi, geografik joylashuvi, yashash sharoitlari va kelajakdagi imkoniyatlarini ham hisobga oldim.

Shundan so‘ng Ruminiya variantini jiddiyroq o‘rgana boshladim. Aslida, bu mamlakat avvaldan qiziqishimni uyg‘otgan. Bolaligimda “Maxluqlar ta’tilida” multfilmini tomosha qilganimda, Ruminiya haqida o‘ziga xos tasavvur shakllangan. Undagi Drakula va Transilvaniya obrazlari bu mamlakat haqidagi ilk tasavvurimga ta’sir qilgan. Keyinchalik mamlakat haqida ko‘proq ma’lumot izlay boshlaganimda, xorijiy talabalar uchun davlat stipendiyasi mavjudligini bilib oldim.

Ruminiyani tanlashda, avvalo, ta’lim sifati va o‘zim tanlagan yo‘nalish bo‘yicha yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdim. Universitetlarni ham faqat umumiy reytingi asosida emas, balki muayyan sohadagi tajribasi va kuchli tomonlariga qarab baholadim. Chunki umumiy reytingda yuqori o‘rinda bo‘lmagan oliygoh ham muayyan yo‘nalish bo‘yicha kuchli ta’lim berishi mumkin.

Yana bir jihat — Ruminiyaning Shengen hududiga qo‘shilgani ham tanlovimga ta’sir qildi. Bu talabalik davrida Yevropaning boshqa mamlakatlariga sayohat qilish imkoniyatini kengaytiradi.

Ruminiya hukumati granti va saralash bosqichlari

Romanian Government Scholarship — Ruminiya hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlar fuqarolari uchun taqdim etiladigan davlat stipendiya dasturlaridir.

Stipendiya dasturiga bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun hujjat topshirish mumkin. Nomzodlar deyarli barcha ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi mumkin, biroq tibbiyot yo‘nalishlari ushbu dastur doirasiga kiritilmagan.

Grant talabaning asosiy xarajatlarini qoplaydi: o‘qish to‘lovi to‘liq qoplanadi, yillik stipendiya, yotoqxona va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi, shuningdek, viza hamda yashash uchun ruxsatnoma to‘lovlari qoplanadi. Ayrim yo‘nalishlar ingliz yoki boshqa xorijiy tillarda o‘qitilsa-da, ko‘plab dasturlar rumin tilida olib boriladi. Shu sababli stipendiya g‘oliblariga odatda bir yillik bepul rumin tili tayyorlov kursi ham taqdim etiladi.

Stipendiya miqdori ta’lim bosqichiga va amaldagi hukumat qarorlariga qarab farq qilishi mumkin. Hujjatlar odatda dekabr oyining o‘rtalaridan mart oyining o‘rtalarigacha onlayn tarzda qabul qilinadi.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Tanlov sanalari esa har yili tashkilot tomonidan e’lon qilinadi. Ishtirok etish uchun talab etiladigan asosiy hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • xorijga chiqish pasporti;
  • apostil qilingan yoki qonuniylashtirilgan maktab attestati yoki diplom va uning ilovasi;
  • ingliz tilida Europass formatida tuzilgan CV;
  • IELTS sertifikati (majburiy emas, ammo mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha ustunlik beradi);
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
  • motivatsiya xati;
  • tavsiyanomalar;
  • qo‘shimcha yutuqlar;

Saralash bosqichlari quyidagicha amalga oshiriladi:

  • Dastlab nomzodlar zarur hujjatlarni onlayn platforma orqali yuklaydi.
  • Keyingi bosqichda hujjatlarning to‘liqligi va belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
  • Shundan so‘ng nomzodlar akademik natijalari, motivatsiya xati va taqdim etilgan hujjatlar asosida baholanadi.
  • Yakuniy bosqichda natijalar e’lon qilinadi va stipendiya g‘oliblariga qabul xati yuboriladi.

Ushbu grant dasturining o‘ziga xos jihatlaridan biri — yuzma-yuz yoki onlayn intervyu talab etilmasligidir. Saralash jarayoni asosan nomzodlarning akademik natijalari, taqdim etilgan hujjatlari va motivatsiyasi asosida amalga oshiriladi. Shu bois hujjatlarni belgilangan talablarga muvofiq va puxta tayyorlash muhim ahamiyatga ega.

Viza jarayoni

Ruminiyada ta’lim olish jarayonidagi muhim bosqichlardan biri — talabalik vizasini rasmiylashtirish. Universitetdan rasmiy qabul xati olingach, viza uchun zarur hujjatlarni tayyorlashni boshlash mumkin. Ruminiya hukumati stipendiyasi asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun bu jarayon odatda soddaroq kechadi.

Avvalo, onlayn ariza to‘ldirilib, zarur hujjatlar elektron tizimga yuklanadi. Shundan so‘ng Toshkentdagi Ruminiya elchixonasi bilan bog‘lanib, hujjatlarni topshirish va suhbatdan o‘tish uchun uchrashuv sanasi belgilanadi.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Belgilangan kunda hujjatlarning asl nusxalari va zarur ko‘chirmalari bilan elchixonaga boriladi. Hujjatlar tekshirilgach, qisqa suhbat o‘tkaziladi. Unda asosan ta’lim olish maqsadi, tanlangan universitet va yo‘nalish haqida savollar beriladi.

Ruminiya hukumati stipendiyasi asosida tahsil olish uchun ketayotgan talabalar moliyaviy ta’minot bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish zaruratiga kamroq duch keladi. Shuningdek, stipendiya sohiblari konsullik yig‘imidan ozod qilinadi.

Uzoq muddatli talabalik vizasi hujjatlar to‘liq topshirilgandan so‘ng 30−31 kun ichida rasmiylashtiriladi. Maslahatim, apostil va hujjatlarni tarjima qilish jarayoni vaqt olishi mumkin. Shu sababli ularni imkon qadar oldindan tayyorlab qo‘ying.

Vizadagi kutilmagan muammo

Safarim boshlanishidan oldin kutilmagan vaziyatga duch keldim. Vizamni olib, uyga qaytgach, undagi ismim yozilgan siyohning bir qismi biroz o‘chib qolganini payqadim. O‘sha kun juma edi. Elchixonaga murojaat qilishning imkoni yo‘q, oldinda esa dam olish kunlari turardi. O‘qish jarayoni allaqachon boshlangan, vaqt esa juda kam edi. Shu sababli tavakkal qilib yo‘lga chiqishga qaror qildim.

Istanbulga yetib kelganimda, vaziyatni aeroport xodimlariga o‘zim tushuntirdim. Shundan so‘ng meni alohida tekshiruv xonasiga olib kirishdi. Hujjat maxsus qurilmalar yordamida sinchiklab tekshirildi. Yakunda xodimlar uchishga ruxsat berishlarini, biroq Ruminiyaga kirish masalasini u yerdagi chegara xizmati hal qilishini aytishdi.

Buxarest aeroportiga yetib kelganimda, hayajonim yanada kuchaydi. Rostini aytsam, ortga qaytarib yuborishlaridan xavotirlandim. Chunki safargacha yo‘l va boshqa xarajatlar uchun ancha mablag‘ sarflagandim.

Pasport nazoratida ofitser hujjatlarimni uzoq vaqt tekshirdi va bir nechta savol berdi. Qayerda yashashim, kim tomonidan moliyalashtirilayotganim va Ruminiyaga qanday maqsadda kelganim bilan qiziqdi. Men Ruminiya hukumati stipendiyasi g‘olibi ekanligimni aytib, universitetning qabul xatini ham ko‘rsatdim.

Yaxshiyamki, barcha ma’lumotlar tekshirilgach, hech qanday muammosiz mamlakatga kirishga ruxsat berildi.

Moslashish davri va ilk taassurotlar

To‘g‘risini aytsam, mamlakatga kelganimdan keyingi moslashish jarayoni qiyin kechmadi. Chunki safar oldidan mamlakatning ta’lim tizimi, madaniyati va kundalik hayoti haqida yetarlicha ma’lumot to‘plagandim. Bu esa yangi muhitga tezroq moslashishimga katta yordam berdi.

Til masalasida Buxarest kabi yirik shaharlarda ingliz tilida muloqot qilish nisbatan oson. Taksi haydovchilari, do‘kon xodimlari va xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydiganlarning ko‘pchiligi ingliz tilini biladi. Katta avlod vakillari orasida esa fransuz tilini yaxshi biladiganlar ham bor.

Birinchi yili kichikroq shaharchada yashaganim sababli, dastlab kundalik muloqotda biroz qiynaldim. Hamma ham ingliz tilini bilavermasdi. Shu bois rumin tili kursida o‘qish bilan birga, mahalliy aholi bilan imkon qadar ko‘proq muloqot qilishga harakat qildim. Bu nafaqat tilni o‘rganishimga, balki yangi muhitga tezroq ko‘nikishimga ham yordam berdi.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Gretsiyaning Afina shahri. Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Yangi muhitga moslashish bilan birga, Ruminiyada yashash uchun zarur hujjatlarni ham rasmiylashtirish kerak. Mamlakatga yetib borgach, xorijiy talabalar yashash ruxsatnomasini olishi lozim. Ushbu hujjat odatda 10−15 ish kuni ichida tayyorlanadi va mamlakatda qonuniy yashash hamda ta’lim olish uchun zarur. To‘lov miqdori vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinligi sababli, hujjatlarni topshirishdan oldin amaldagi tariflarni tekshirish lozim.

Ovqatlanish masalasida ham dastlab ayrim noqulayliklarga duch keldim. Ruminiya milliy taomlarida cho‘chqa go‘shti keng ishlatiladi, mol go‘shtidan tayyorlanadigan taomlar esa nisbatan kamroq uchraydi. Shu sababli ko‘pincha tovuq go‘shtini tanlab, ovqatni o‘zim tayyorlashga odatlandim. Vaqt o‘tishi bilan bu oddiy kundalik odatga aylandi.

Ob-havoga moslashish ham biroz vaqt talab qildi. Ayniqsa, qishning uzoq davom etishi va sovuq kunlarga ko‘nikish dastlab qiyin bo‘ldi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu yerdagi iqlimga ham moslashib ketdim.

Ruminiya haqidagi stereotiplar

Ruminiyaga ketishimdan oldin ko‘pchilik bu qarorimdan qaytarishga harakat qilgan. “U yerda lo‘lilar juda ko‘p, nima qilasan borib?” degan gaplarni ko‘p eshitganman. Hatto ish joyimdagilar ham boshqa davlatlarda ta’lim olish uchun imkoniyat izlashni tavsiya qilishgan.

Ammo mamlakatga kelganimdan so‘ng, bu kabi fikrlarning aksariyati shaxsiy tajribaga emas, balki mavjud stereotiplarga asoslanganini angladim. Romlar Yevropaning ko‘plab davlatlarida yashaydi va Ruminiya aholisining nisbatan kichik qismini tashkil etadi. Kundalik hayotim davomida ular bilan bog‘liq biror noqulay vaziyatga duch kelmadim. Aksincha, muloqot qilgan odamlarimning aksariyati xushmuomala va yordam berishga tayyor edi.

Shundan so‘ng, Ruminiya haqidagi ayrim stereotiplar yoshlarning bu mamlakatdagi universitetlarda ta’lim olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishiga ta’sir qilishi mumkinligini tushundim. Aslida esa mamlakatda xorijiy talabalar uchun turli ta’lim imkoniyatlari mavjud.

Hayron qoldirgan narsalar

Ruminiyada eng hayratga solgan jihatlardan biri — professor va talaba o‘rtasidagi samimiy munosabat bo‘ldi. Bu yerda qat’iy rasmiy masofa deyarli sezilmaydi. Professorlar talabalarni o‘z fikri va qarashlariga ega shaxs sifatida qabul qilishadi.

Ta’limdagi yana bir farq darslarning yakunlanishida sezildi. Dars tugagach, professor alohida e’lon qilmasdan auditoriyani tark etishi mumkin. Buni birinchi marta ko‘rganimda, professor bizdan xafa bo‘lgan deb o‘yladim. Keyingi darsda bu haqda so‘raganimda, ular kulib: “Dars tugagan bo‘lsa, men chiqib ketaman. Buning uchun alohida e’lon qilish shart emas-ku”, — degandilar.

Kundalik muloqotda ham ayrim farqlar bor. O‘zbekistonda suhbat yakunida odatda “Xayr”, “Yaxshi boring” yoki “Ko‘rishguncha” kabi iboralar ishlatiladi. Ruminiyada esa suhbat ba’zan alohida xayrlashuvsiz ham tabiiy ravishda yakunlanishi mumkin.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Polsha. Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Kundalik hayot tarzi ham O‘zbekistondagidan biroz farq qiladi. Katta shaharlarda odamlar bo‘sh vaqtlarini kafelarda o‘tkazishadi, sport bilan shug‘ullanishadi yoki bog‘ va parklarda hordiq chiqarishadi. Velosipedda sayr qilayotgan, piyoda yurgan yoki parkda kitob o‘qiyotgan odamlarni tez-tez uchratish mumkin.

Shuningdek, rumin tilida gapirishga harakat qilgan xorijliklarga ijobiy munosabat bildirishadi. Hatto oddiy salomlashish yoki bir necha so‘z aytish ham yaxshi taassurot qoldirishi mumkin. Ingliz tilida murojaat qilinganda ham odatda yordam berishga harakat qilishadi. Rus tiliga munosabat esa tarixiy sabablarga ko‘ra biroz boshqacha.

Ruminiyada ta’lim

Ruminiya hukumati stipendiyasining xorijiy talabalar uchun muhim afzalliklaridan biri — tayyorlov yilining mavjudligidir. Bu davrda talabalar rumin tilini o‘rganish, mamlakat madaniyati bilan tanishish va universitet muhitiga moslashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tayyorlov yilini muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng, tanlangan bakalavriat yoki magistratura dasturida o‘qishni davom ettirish mumkin.

Hujjat topshirish jarayonida tayyorlov yili va bakalavriat uchun ikkita universitet tanlash imkoniyati mavjud. Men tayyorlov yilini Vasile Alecsandri universitetida o‘qidim, bakalavriat uchun esa Buxarestdagi universitetni tanladim. Shu tariqa, avval rumin tilini o‘rganib, keyin tanlagan yo‘nalishim bo‘yicha bakalavriat ta’limini davom ettiryapman.

Yevropa ta’lim tizimining muhim jihatlaridan biri — talabaga beriladigan mustaqillik. Ya’ni, barcha darslarda majburiy qatnashish shart emas, asosiysi imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirish. Shunga qaramay, professorlar talabalarni darslarga qiziqtirish va faol ishtirokini ta’minlash uchun harakat qilishadi.

Bu yerda bir dars taxminan ikki soat davom etadi. Zarur bo‘lsa, bir soatdan keyin chiqib ketishga ham ruxsat beriladi va bu odatda muammo tug‘dirmaydi. Darslar jadvali esa turlicha bo‘lishi mumkin: ayrim kunlari mashg‘ulotlar ertalab, ba’zan esa tushdan keyin o‘tkaziladi.

Universitetlarda kredit-modul tizimi ham amal qiladi. Har bir fan uchun ma’lum miqdorda kredit belgilanadi va talaba o‘quv yili davomida belgilangan kreditlarni to‘plashi kerak.

Kiyinish madaniyati ham ancha erkin. Maxsus forma yoki qat’iy kiyinish talablari mavjud emas. Talabalar ham, professorlar ham o‘zlariga qulay kiyimlarda darsga kelishadi. Albatta, umumiy odob qoidalariga amal qilinadi, biroq insonning tashqi ko‘rinishidan ko‘ra uning bilimi, mas’uliyati va o‘z ishiga bo‘lgan munosabati muhimroq hisoblanadi.

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar

Universitetda talabalar uchun xalqaro imkoniyatlar keng. Masalan, bir semestrlik yoki qisqa muddatli dasturlar orqali Italiya, Germaniya kabi davlatlarda tahsil olish mumkin. Ayrim dasturlarda barcha xarajatlar universitet tomonidan to‘liq qoplanadi.

Bundan tashqari, universitetning Yevropa davlatlari, Kanada, AQSh va Angliyadagi oliygohlar hamda kompaniyalar bilan xalqaro hamkorliklari mavjud. Shu sababli talabalar o‘qish davomida hamkor tashkilotlarda amaliyot va stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, haftasiga 20 soatgacha ishlash ham mumkin.

Rumin tilini hali yaxshi bilmaydigan talabalar ko‘pincha kuryerlik yoki ingliz tilini bilish talab etiladigan sohalarda ishlashni boshlashadi. Buxarestda esa xalqaro kompaniyalar, kafelar va xizmat ko‘rsatish sohasida talabalar uchun turli ish imkoniyatlari mavjud. Rumin tilini bilish mijozlar bilan bevosita ishlanadigan lavozimlarda qo‘shimcha ustunlik beradi.

Turar joy va yashash xarajatlari

Kontrakt narxlari universitet va yo‘nalishga qarab farq qiladi. Ko‘plab mutaxassisliklarda yillik to‘lovlar taxminan $2800-$5600 atrofida bo‘ladi. Tibbiyot kabi yo‘nalishlarda esa bu summa yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Ruminiyaga o‘qish uchun keladiganlar uchun eng qulay variantlardan biri — universitet yotoqxonasida yashash. Bu ijara uchun sarflanadigan mablag‘ni kamaytirish bilan birga, muhitga tezroq moslashish imkonini beradi. To‘lov miqdori esa oliygoh va shaharga qarab farq qiladi.

Kvartirada yashashni afzal ko‘rganlar uchun Buxarest, Kluj-Napoka yoki Yash kabi yirik shaharlarda bir xonali kvartiraning oylik ijarasi taxminan $280−$390 ni tashkil etadi. Kichikroq shaharlarda esa uy-joy narxlari odatda pastroq.

Universitet oshxonalarida talabalarga mo‘ljallangan arzon ovqatlanish imkoniyatlari mavjud. Bir porsiya asosiy taom o‘rtacha $2−$3, to‘liq tushlik esa ayrim oliygohlarda taxminan $4 turadi. Ovqatni uyda tayyorlash orqali esa mablag‘ni yanada tejash mumkin.

Jamoat transportida ham talabalar uchun turli imtiyozlar bor. Masalan, tegishli talabalik hujjatlariga ega yoshlar mamlakat ichidagi temiryo‘l qatnovlarida 90% gacha chegirmadan foydalanishlari mumkin. Bu boshqa shaharlarga borish, sayohat qilish va ta’til paytida mamlakatning turli hududlarini ko‘rish uchun sarflanadigan mablag‘ni sezilarli darajada kamaytiradi.

Umuman olganda, turar joy, oziq-ovqat va boshqa zarur ehtiyojlarni hisobga olganda, tejamkor hayot tarzini tanlagan talaba uchun oyiga $350−410 atrofidagi mablag‘ yetarli bo‘lishi mumkin. Albatta, bu miqdor yashash joyi, shahar va shaxsiy ehtiyojlarga qarab o‘zgaradi. Sayohat, ko‘ngilochar tadbirlar hamda shaxsiy xarajatlar ushbu hisob-kitobga kiritilmagan.

Ruminiyada o‘qishning ijobiy va salbiy tomonlari

Mamlakatda ta’lim olishning muhim afzalliklaridan biri — uning Yevropadagi qulay geografik joylashuvidir. Bu boshqa davlatlarga nisbatan arzonroq va qulayroq sayohat qilish imkonini beradi. Arzon aviakompaniyalar orqali Yevropaning ko‘plab mamlakatlariga borish mumkin. Hozirgacha 4,5 ta davlatga borishga ulgurdim.

Yana bir muhim jihat — ta’limni tugatgandan so‘ng mamlakatda qolib, ishlash imkoniyatining mavjudligi. Ish topilgach, Work Permit olish uchun murojaat qilish mumkin. Ya’ni, o‘qishni yakunlaganingizdan so‘ng darhol vatanga qaytish shart emas. Bu imkoniyat Ruminiyani ayrim boshqa grant dasturlaridan ajratib turadi, chunki ularda ta’limni tugatgach, mamlakatga qaytish talabi bo‘lishi mumkin.

grant dasturi, politexnika milliy fan va texnologiyalar universiteti, ruminiya, xorijda ta'lim

Foto: Dilmurod Yengiboyevning shaxsiy arxividan

Menga biroz yoqmaydigan jihatlardan biri — o‘zbekistonlik talabalarning kamligi. Bir tomondan, bu yangi muhitga tezroq moslashish, ingliz va rumin tillarini faolroq ishlatishga yordam beradi. Boshqa tomondan esa, ba’zan ona tilida suhbatlashadigan insonlarni va o‘z madaniyatingizni sog‘inasiz.

Oiladan uzoqda yashash ham xorijdagi talaba hayotining muhim jihatlaridan biridir. Yaqinlaringiz bilan birga bo‘la olmaslik, ayniqsa muhim kunlarda, ba’zan sog‘inch uyg‘otadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan inson yangi muhitga moslashishni va mustaqil hayot kechirishni o‘rganadi.

Maslahat va tavsiyalar

Ruminiyada o‘qishni rejalashtirayotganlarga, avvalo, atrofdagilarning mamlakat haqidagi stereotiplariga ortiqcha e’tibor bermaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Ketishimdan oldin bunday gaplarni o‘zim ham ko‘p eshitganman. Ammo shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu xavotirlarning aksariyati asossiz.

Yana bir muhim jihat — hujjat topshirish jarayonida sabrli bo‘lish kerak. Ruminiyada xalqaro talabalarni qabul qilish tartibi boshqa davlatlardagidan biroz farq qiladi. Avval universitetdan qabul qilinganligingiz haqida tasdiq olasiz. Shundan so‘ng universitet hujjatlaringizni Ruminiya Oliy ta’lim vazirligiga yuboradi. Yakuniy qabul xatini olish uchun ba’zan bir oydan bir yarim oygacha vaqt ketishi mumkin. Arizalar soni ko‘p bo‘lgani sababli, jarayonning biroz cho‘zilishi tabiiy.

Shuningdek, moliyaviy ta’minot va yashash sharoitlarini tasdiqlovchi hujjatlarga ham e’tibor berish kerak. Jumladan, universitet bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirganingizni hamda yotoqxonani bron qilganingizni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinishi mumkin. Bu hujjatlar o‘qish uchun kelayotganingizni va Ruminiyaga yetib borganingizdan so‘ng yashash joyingiz mavjudligini ko‘rsatadi.

Shuning uchun eng muhimi, hujjatlarni oldindan tayyorlash, o‘qish maqsadingizni aniq belgilash va jarayon davomida sabrli bo‘lish.

Ruminiyada ta’lim olish orqali kelajakda O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga ham hissa qo‘shishim mumkin, deb o‘ylayman. Masalan, hozir Ruminiyada O‘zbekistonning elchixonasi yo‘q. Kelajakda diplomat sifatida faoliyat yuritib, Ruminiyada O‘zbekiston elchixonasi yoki faxriy konsulligini ochish tashabbusini ilgari surishim mumkin. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.