Xabar yangilandi: Sirdaryo viloyati hokimligi yangi hokim tayinlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Avvalroq O‘zA Zaynilobiddin Nizomiddinov Sirdaryo viloyati hokimi etib tayinlangani haqida xabar bergandi. Biroq keyinchalik uni o‘chirib tashladi. Sirdaryo viloyati hokimligi 12-oktabr kuni viloyatga yangi hokim tayinlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shu kuni bosh vazir tomonidan Sirdaryo viloyatida hech qanday yig‘ilish o‘tkazilmagan.
Zaynilobiddin Nizomiddinov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
U mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2025-yilning aprelidan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
Bungacha viloyat hokimi lavozimida faoliyat olib borgan Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan edi.
Zaynilobiddin Nizomiddinov kim?
Nizomiddinov 1974-yil 27-mayda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. 1996-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1996-yilda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida boshlagan. 1998−2005-yillarda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan.
2005−2015-yillarda Bosh vazir kotibiyati mudiri, 2015−2016-yillarda Bosh vazir apparati rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2016−2018-yillarda prezident maslahatchisi — ijro etuvchi apparati rahbari, 2018−2022-yillarda esa Prezident Administratsiyasi rahbari bo‘lgan.
2022−2025-yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2025-yildan Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
2021-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Spot avvalroq Sirdaryoda tadbirkorga hisoblangan 911 mln so‘mlik soliq, penya va jarima sudda bekor qilingani haqida yozgandi.