Nobel qo‘mitasi iqtisodiyot bo‘yicha 2026-yilgi mukofot Robert Xoll va Maykl Vudfordga berilganini ma’lum qildi.

Olimlar “makroiqtisodiy barqarorlashtirish siyosatining mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqani uchun” mukofotga sazovor bo‘ldi.

Sovrin miqdori 11 mln shved kronasini ($1,15 mlndan ortiq) tashkil etadi. Har ikki olim Nobel mukofotining pul mukofotidan 50% dan — 5,5 mln shved kronasi ($578 ming) oladi.

Ta’kidlanishicha, ular iqtisodiy inqirozlar davrida iqtisodiyotni samarali barqarorlashtirish imkoniyatlarini “sezilarli darajada yaxshilagan” makroiqtisodiy modellarni ishlab chiqqan.

Qayd etilishicha, ular barqarorlashtirish siyosatini faollashtirish uchun iqtisodiy modellarni qanday qayta qurish mumkinligini ko‘rsatib berdi.

Inflyatsiya, ishlab chiqarish va iste’mol kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi statistik bog‘liqliklarga asoslanish o‘rniga, olimlar modellarni mikroiqtisodiy asosda yaratishni ma’qul ko‘rdi.

Bunda alohida uy xo‘jaliklari va korxonalarning xatti-harakatlari orqali ularning umumiy iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunish muhim hisoblanadi.

“Laureatlarning ishlari bugungi kunda butun dunyo markaziy banklari va hukumatlari foydalanayotgan modellar uchun mustahkam nazariy asos yaratdi. Ularning tadqiqotlari tufayli biz energiya inqirozlari yoki uy xo‘jaliklari iste’moli hajmining keskin o‘zgarishi kabi iqtisodiy zarbalarga qarshi turishga yaxshiroq tayyormiz”, — deydi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot berish qo‘mitasi raisi Jon Hassler.

2024-yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga Amerika va Britaniya olimlari Daron Ajemog‘lu, Saymon Jonson va Jeyms Robinson loyiq deb topilgandi. Ularga institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qay tarzda ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari uchun berildi.

Bu yo‘nalishda 2023-yilgi mukofot ayollar mehnat bozori natijalari haqidagi tushunchani yaxshilagani uchun Falsafa fanlari doktori, Garvard universiteti professori va Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi a’zosi, AQSH Milliy fanlar akademiyasi va Amerika falsafiy jamiyati a’zosi Klaudiya Goldinga berilgandi. 2022-yilda esa AQSH Markaziy bankining sobiq rahbari Ben Bernanke, iqtisodchilar Duglas Daymond va Filip Dibvig ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.


Avvalroq Spot kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti asimmetrik organik sintez sohasidagi kashfiyotlar uchun berilgani haqida yozgandi.

Olimlar Henri Kagan va Kenso Soay asimmetrik organik sintezda nochiziqli effektlar va avtokatalizni kashf etgani uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.