Nobel qo‘mitasi kimyo bo‘yicha 2026-yilgi mukofot Henri B. Kagan va Kenso Soayga berilganini ma’lum qildi.
Olimlar “asimmetrik organik sintezda nochiziqli effektlar va avtokatalizni kashf etgani uchun” mukofotga sazovor bo‘ldi.
Anri Kagan kimyoviy reaksiyalarni boshqarishning yangi usulini kashf etdi. Bu usul molekulalarning bir-biriga ko‘zgudagi aksidek bo‘lgan ikki shaklidan birini avvalgidan ancha ko‘proq miqdorda olish imkonini beradi.
Uning kashfiyoti farmatsevtika, aromatizatorlar, xushbo‘y moddalar va yangi materiallar ishlab chiqarish uchun kimyoviy reaksiyalar yaratish jarayonida katta o‘zgarish yasadi.
Kenso Soay esa ehtimoliy ikki ko‘zgudagi shakldan faqat bittasi hosil bo‘ladigan birinchi kimyoviy reaksiyani ishlab chiqdi. Bunga qadar bunday natijaga tabiatdan boshqa hech kim erisha olmagan. Soay reaksiyasi kimyo tarixidagi eng ta’sirchan tajribalardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Spot Nobel qo‘mitasi fizika bo‘yicha 2026-yilgi mukofot laureati Frensis Xalzen bo‘lgani haqida yozgandi.
Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasining ta’kidlashicha, mukofot “IceCube neytrino observatoriyasini yaratishdagi hal qiluvchi hissasi va astrofizik kelib chiqishga ega yuqori energiyali neytrinolarni kashf etilgani uchun” berilgan.
Frensis Xalzen astronomiyaning mutlaqo yangi yo‘nalishiga asos soldi. Uning g‘oyasi Janubiy qutbdagi muzliklardan neytrino deb ataladigan, ko‘zga ko‘rinmas zarrachalarni aniqlash uchun foydalanishdan iborat edi.
Natijada uzoq koinotdan kelayotgan neytrinolarni kuzatish imkonini beruvchi IceCube neytrino observatoriyasi yaratildi.