Erkinjon Turdimov Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2025-yildan buyon faoliyat olib borayotgan edi.

Tegishli farmon bilan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Shuningdek, Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.

Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil etish Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.

Oktabr oyi boshida prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi hamda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta‘lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgandi. Yangi vazirlik maktabgacha ta‘limdan oliy ta‘limgacha bo‘lgan barcha bosqichlar hamda ilm-fan sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Erkinjon Turdimov kim?

Turdimov Erkinjon Oqbutayevich 1969-yili 10-iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1991-yilda O‘zsanoatqurilishbankning Sirdaryo viloyati filialida boshlagan. 1993-yilgacha bankning turli bo‘limlarida mutaxassis, bosh mutaxassis va bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

1993−1995-yillarda O‘zsanoatqurilishbankning Zarafshon shahar filiali boshqaruvchisi, 1995−1996-yillarda Zarafshon shahar hokimining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 1996−2000-yillarda esa Milliy bankning Navoiy viloyati boshqarmasi boshqaruvchisi bo‘lgan.

2000−2008-yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi, 2008-yilda qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2008−2016-yillarda Navoiy viloyati, 2016−2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lgan. 2018-yilda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanib, 2019−2024-yillarda viloyat hokimi lavozimida ishlagan.

Turdimov 2024-yilning noyabrida boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan viloyat hokimi lavozimidan ozod etilgan edi. U 2025-yil 22-yanvarda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan bo‘lsa, o‘sha yilning dekabrida lavozimga tasdiqlangandi.


Spot avvalroq sobiq oliy ta‘lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yana TDIU rektori bo‘lgani haqida yozgandi.