Professor Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlandi. OTM matbuot xizmati bu ma‘lumotni tasdiqladi.
Bungacha u 2024-yilning fevral oyidan buyon Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Mazkur idora Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi bilan birlashtirilgani munosabati bilan ushbu lavozim tugatildi.
Qo‘ng‘irotboy Avezimbetovich Sharipov (1963-yilda tug‘ilgan) Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini (TIQXMII) tamomlagan. U 1986−1987-yillarda Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot paxtachilik sovxozida mexanik bo‘lib ishlagan.
1988-yilda Sharipov Moskva qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi muhandislari institutida dars bergan, 1989-yildan 1992-yilgacha kunduzgi aspiranturada tahsil olib, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini yoqlagan. Shundan so‘ng u TIQXMIIga qaytib, o‘quv ustasi va assistent lavozimlarida ishlagan, 1995-yilda esa “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi dotsenti bo‘lgan.
Keyinroq Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekani o‘rinbosari (2001−2002), so‘ng “Agrosanoat majmuasining resurs tejovchi texnika va texnologiyalari” muammoli ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mudiri (2002−2003) lavozimlarida faoliyat olib borgan.
2003-yildan 2007-yilning avgustiga qadar Sharipov Toshkent DEU markazi bosh direktori lavozimida ishlagan, 2005−2008-yillarda o‘rindoshlik asosida “Avtomobillar” va “Avtomobilsozlik texnologiyalari” kafedrasida dars bergan. 2007-yil avgustidan 2009-yil yanvariga qadar esa “TOSHAFUS” QKga rahbarlik qilgan.
2009-yilning yanvar-iyul oylarida Sharipov GM Uzbekistan kompaniyasining bosh menejeri lavozimida ishlagan. Shundan so‘ng u Turin politexnika universitetiga o‘tib, u yerda rektor (2009−2010, 2017−2019) hamda moliya va iqtisodiyot bo‘yicha birinchi prorektor (2010−2017) bo‘lgan.
2019-yilda oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan, o‘sha yilning noyabrida esa ilk bor TDIU rektori bo‘lgan. U vazirlik rahbari etib tayinlanguniga qadar mazkur lavozimda to‘rt yildan ortiq faoliyat yuritgan, shundan so‘ng o‘z o‘rnini To‘lqin Teshaboyevga topshirgan edi.
Spot avvalroq Zafar Hoshimov Prezident Administratsiyasi huzuridagi maxsus ishchi guruhga rahbar etib tayinlangani haqida yozgandi.