Zafar Hoshimov ta’lim strategiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruhga rahbarlik qiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etiladi. Unga tadbirkor Zafar Hoshimov jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim tizimida tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar va xalqaro ekspertlar jalb etiladi.
Ishchi guruh ta’lim sifatini oshirish, bozor talablariga mos ta’limni rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
2025-yil 10-fevralida Zafar Hoshimov Chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari assotsiatsiyasiga rahbar bo‘lgandi.
Shuningdek, Hoshimov prezidentning joriy yil 27-avgustdagi farmoni bilan Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibiga ham kiritilgandi.
Avvalroq Spot prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgani haqida yozgandi.
Islohotdan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini shakllantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirishdir.
Shuningdek, maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, yagona samarali boshqaruv tizimini joriy etish hamda uning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ko‘zda tutilgan.