Avvalroq Spot prezident Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergandi.
Unda Shavkat Mirziyoyev yaqinda tayinlangan bosh vazir birinchi o‘rinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov haqida o‘z fikrini bildirdi, deya xabar berdi Daryo nashri.
“O‘zlaring ko‘rdilaring, men ta’lim vazirini o‘zgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, ta’lim vaziri qilganim, son ko‘payib, sifat kamayib ketdi. Meni juda tashvishga soladi. Shuning uchun men juda katta tajribaga ega, to‘rtta viloyat hokimi bo‘lgan odamni ta’limga olib kelganim tagida juda katta ma’no borki, endi bu narsalarga prezident mutlaqo boshqacha qaraydi. Juda katta ta’limga e’tibor berish uchun men bosh vazir birinchi o‘rinbosari maqomini berganim, bu bejiz emas. Endi tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo o‘zgaradi davlatda”, — dedi davlat rahbari.
Oktabr oyi boshida prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgandi. Yangi vazirlik maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha bo‘lgan barcha bosqichlar hamda ilm-fan sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
9-oktabr kuni prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2025-yildan buyon faoliyat olib borayotgan edi.
Tegishli farmon bilan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Shuningdek, Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.
Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil etish Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.
Avvalroq Spot Toshkent davlat texnika universitetining 300 ga yaqin talabasi yotoqxonadan chiqarib yuborilgani haqida yozgan edi.
