O‘zbekistonda ayrim turdagi poyabzallar va elektr transformatorlarini majburiy raqamli markirovkalash taklif etilmoqda. Soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi. Hozirga qadar loyiha yuzasidan 62 ta fikr-mulohaza, 9 ta matnga taklif qoldirilgan. Bildirilgan fikr-mulohazalarning aksariyatida ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmagan.

Loyihada ichki bozorda sotiladigan 6401−6405 TIF TN kodlariga kiruvchi poyabzal mahsulotlari, shuningdek, 8504 kodi bo‘yicha elektr transformatorlari, statik elektr o‘zgartiruvchilari va induktivlik g‘altaklarini identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash tartibini joriy etish nazarda tutilgan.

Yangi talablarni 2027-yil 1-yanvardan tajriba tariqasida, 2028-yil 1-yanvardan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, markirovkalanmagan mahsulot qoldiqlarini sotish uchun ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va savdo tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tish muddatlari beriladi.

Loyiha elektr akkumulyatorlari va ular uchun separatorlarni markirovkalash tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 10-dekabrgacha davom etadi.


“Navbatdagi o‘lpon”: qanday fikr-mulohazalar qoldirilgan?

Portalda fikr bildirganlarning aksariyati markirovkalash xarajatlari oxir-oqibat iste’molchilar zimmasiga tushishidan xavotir bildirgan. Izoh mualliflaridan biri farzandiga bir juft oyoq kiyim olish uchun ham pul tejayotgan ota-onalarga qo‘shimcha xarajat yuklanishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u: “Markirovkalash, avvalo, inson hayoti va salomatligiga bevosita xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan dori-darmon, alkogol va tamaki mahsulotlari uchun zarur. Oyoq kiyim esa bunday yuqori xavfli mahsulotlar toifasiga kirmaydi”, — deb yozgan. Yana bir fuqaro ham shunga o‘xshash fikr bildirib: “Markirovkalashni dori va aksiz mahsulotlardan boshqasiga qo‘llash katta xato”, — deya ta’kidlagan.

Muhokamada kichik mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar ham ko‘tarilgan. Ishtirokchilarning fikricha, yirik ishlab chiqaruvchilar va importyorlar yangi talablarga moslasha olsa-da, kichik korxonalar uchun tannarxning oshishi hamda mavsumiy poyabzallarning sotilmay qolgan qoldiqlarini belgilangan muddatdan keyin realizatsiya qilishga cheklov qo‘yilishi moliyaviy qiyinchiliklarga olib keladi.

Ayrimlar xarajatlar zanjiriga ham e’tibor qaratmoqda: “Ishlab chiqaruvchilarga ortiqcha yuklama tushadi, narxlar oshadi, aholi uchun tovarlar qimmatlashadi. Oqibatda import ortib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida bankrotlik holatlari ko‘payadi. Do‘konchi-sotuvchilar esa markirovka apparatlarini sotib olish uchun qo‘shimcha xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi”.

Xizmatlari uchun to‘lov masalasi ham muhokama ishtirokchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. “O‘zi markirovkalash nega kerak va nega yakunda O‘zbekiston fuqarolari uchun mahsulotlarni qimmatlashtiradigan markirovkalash pullari qaysidir bir MChJ hisobiga tushishi kerak? Juda markirovkalashni xohlayotgan bo‘lsanglar tekin qilib, tadbirkorlarni qiynamanglar, tadbirkor uning xarajatlarini mahsulot narxiga qo‘shib yuboradi va yakunda baribir iste’molchi to‘laydi”, — deb yozgan ishtirokchilardan biri.

Boshqa bir fuqaro esa Soliq qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha e’tiroz bildirgan: “Qo‘mitada shundoq ham bojxona bazasi, EHF va onlayn-NKM kabi kuchli nazorat tizimlari bor. Mavjud tizimlarni to‘g‘ri ishlatish o‘rniga, barcha sohalarni xususiy operatorning pullik xizmatiga majburan bog‘lab qo‘yish — monopoliyaga xizmat qilishdir. Soliq qo‘mitasining bunday tashabbuslari ustidan Monopoliyaga qarshi kurashish organlari va Biznes-ombudsman tomonidan jiddiy o‘rganish o‘tkazilishi kerak”.

Ayrim izohlovchilar loyihani “absurd” degan bo‘lsa, bir nechta ishtirokchi markirovka tashabbusini to‘liq rad etmagan holda, muqobil yechimlarni taklif qilmoqda. Xususan, ulardan biri pullik xizmat o‘rniga bepul markirovkalash tizimini joriy etish va tadbirkorlar uchun teng imkoniyat yaratish kerakligini ta’kidladi.

Loyiha yuzasidan texnik e’tirozlar ham bildirilgan. Jumladan, bir ishtirokchi hujjatning o‘zida muddatlar bo‘yicha ziddiyat borligiga e’tibor qaratdi: loyihaning birinchi bandida transformatorlarni markirovkalash 2027-yildan, ikkinchi bandida esa 2028-yildan boshlanishi ko‘rsatilgan.

Yana bir izohlovchi 8504 TIF TN kodi ostidagi ayrim mahsulotlarning juda kichik o‘lchamiga e’tibor qaratib, ularning og‘irligi 1−10 gramm bo‘lgan turlariga markirovka kodini qayerga joylashtirish mumkinligi haqida savol qo‘ygan.