Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.
Unda polimer bitumdan to‘g‘ri texnologiya asosida foydalanish yo‘lning xizmat muddatini 3−4 yilga uzaytirish, yuqori haroratga chidamliligini oshirish va takroriy ta’mirlash xarajatlarini kamaytirishi qayd etildi.
2027-yilning mart oyidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatini kamida 100 ming tonnaga yetkazish topshirildi.
Urganch — Xiva pulli yo‘lining asfalt-beton qoplamasida ilk bor geotekstil materiali qo‘llanildi. Ushbu texnologiya yuklamani teng taqsimlash, qoplamani deformatsiyadan saqlash va yo‘lning xizmat muddatini 4−5 yilga uzaytirishga xizmat qiladi.
“Bizga bugun arzon qurilib, ertaga yana budjetdan pul talab qiladigan yo‘l emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak”, — dedi davlat rahbari.
Mutasaddilarga polimer bitum va geotekstil texnologiyalaridan foydalanishni yo‘l qurilishi standartlariga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi yildan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishda mazkur talab majburiy bo‘ladi, keyinchalik davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarga ham tatbiq etiladi.
Avvalroq Spot Urganch — Xiva pulli yo‘lidan kuniga 1700 tagacha avtomobil harakatlanayotgani haqida yozgandi.