Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrash va tarixiy shaharning jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda Buxoro tarixiy markazini rivojlantirish bo‘yicha master-reja, me’moriy yodgorliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish, shuningdek, zamonaviy madaniy hamda turizm infratuzilmasini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Ark muzey-qo‘riqxonasida restavratsiya ishlarini olib borish va muzey ekspozitsiyalarini yangilash, Qo‘sh madrasa me’moriy ansamblini tiklash, Buxoro musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilish hamda Somoniylar bog‘ini obodonlashtirish takliflari taqdim etildi.

Shuningdek, Jadidlar merosi davlat muzeyi va Buxoro davlat san’at muzeyini tashkil etish rejalari haqida ma’lumot berildi. Ularda tarixiy va zamonaviy ko‘rgazma maydonlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Buxoroning tarixiy markazidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini yagona me’moriy uslub asosida tartibga keltirish, piyodalar uchun qulay muhit yaratish ham rejalashtirilmoqda. Bu boradagi ishlar UNESCO talablariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Taqdimotda 2027-yilda ikkinchi Buxoro xalqaro biyennalesini o‘tkazish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Uning doirasida Somoniylar bog‘idan Ark qal’asi va Poyi Kalon majmuasi orqali Labi Hovuz ansambligacha davom etadigan 2,3 kilometrlik madaniy sayr yo‘nalishini tashkil etish taklif qilindi. Yo‘nalish tarixiy obidalar, ko‘rgazma va jamoat maydonlarini birlashtiradi.

Bundan tashqari, AQSh va Koreya tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, ularning uch o‘lchamli modellarini yaratish, arxeologik ashyolarni muhofaza qilish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani haqida axborot berildi.

Avvalroq Spot Kumushkonda Silver Valley oilaviy dam olish majmuasi ochilgani haqida yozgan edi.