Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxoroda turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrash va tarixiy shaharning jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Taqdimotda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar va navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga 11,6 mln nafar xorijiy sayyoh keldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20% ga ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti esa 1,5 barobar oshib, $6,1 mlrd ga yetdi. Sayyohlarning mamlakatdagi o‘rtacha xarajatlari 26% ga ko‘paydi.
2030-yilga qadar O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 mln nafarga, turizm xizmatlari eksportini $10 mlrd ga, sohada band aholi sonini 2 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7% ga oshirish rejalashtirilmoqda.


Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, mas’ullar hududlarda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq tadbirkor bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi.
Uchrashuvlarda turistik hududlarda elektr energiyasi quvvatlarining yetishmasligi, elektr va gaz uchun oldindan to‘lovlar miqdorining yuqoriligi, mehmonxonalarda valyuta ayirboshlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani hamda tog‘li hududlarda sayyohlarni avtobus va mikroavtobuslarda tashish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Tadbirkorlar muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, kredit olishda kafillik berish, yer uchastkalari uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, mehmonxona biznesi va ko‘ngilochar xizmatlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etish bo‘yicha takliflar bildirgan.
Prezident mutasaddilarga tadbirkorlar ko‘targan masalalarni chuqur o‘rganish va ularning aniq yechimlarini ishlab chiqish vazifasini topshirdi.


Taqdimotda turistlar oqimining asosan an’anaviy sayyohlik markazlarida jamlanayotgani mavjud infratuzilmaga ortiqcha yuklama tushirayotgani qayd etildi.
Shu bois hududlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish va turizm geografiyasini kengaytirishga e’tibor qaratildi.
Ekologik, etnografik, agrar, gastronomik, ekstremal, tibbiy, ishbilarmonlik va kinoturizm kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish, ular uchun zarur infratuzilmani yaratish va malakali mutaxassislar tayyorlash takliflari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Bir mahalla — bir turmahsulot tamoyili asosida mahalla va qishloqlarni turistik yo‘nalishlarga kiritish rejalashtirilmoqda. Bunda sayyohlarni mahalliy aholining turmush tarzi, milliy urf-odatlari, hunarmandchiligi va pazandalik an’analari bilan tanishtirish orqali aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot turizm loyihalari uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer ajratilishi haqida yozgan edi.



