2027-yil 1-yanvardan Moskvada migrantlar uchun mehnat patentining narxi oshiriladi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.

25-noyabr kuni Moskva shahar dumasi deputatlari shahar soliq qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlarni qabul qildi. Unga ko‘ra, xorijliklar uchun patentning oylik to‘lovi hozirgi 10 ming rubldan ish faoliyati turiga qarab 11 ming yoki 15,6 ming rublgacha oshiriladi.

Xususan, tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan xorijiy fuqarolar oyiga 11 ming rubl to‘laydi. Jismoniy shaxslarda, tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda ishlaydigan migrantlar uchun esa to‘lov 15,6 ming rubl etib belgilanadi.

Moskva shahar dumasi vakillarining tushuntirishicha, narxlarning oshirilishi mehnat migrantlari ko‘p ishlaydigan sohalarda o‘rtacha ish haqi miqdori ortgani bilan bog‘liq. Shuningdek, yangi tartib soliq yukini adolatliroq taqsimlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Patent narxining oshirilishi faqat Moskva bilan cheklanmaydi. Rossiyaning boshqa hududlarida ham 2027-yil uchun yangi tariflar belgilanmoqda.

Masalan, Sankt-Peterburgda patent narxi 8 ming rubldan 11 ming rublga, Sverdlovsk viloyatida esa 9,5 ming rubldan 11 ming rublga ko‘tarilishi rejalashtirilgan.

Bu o‘zgarishlar Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga ham taalluqli. Xususan, Moskvada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari 2027-yil 1-yanvardan boshlab ish beruvchining maqomiga qarab har oy 11 ming yoki 15,6 ming rubl miqdorida patent to‘lashi kerak bo‘ladi.

Mehnat patenti Rossiyada vizasiz tartibda bo‘lib, ishlayotgan xorijiy fuqarolar uchun zarur hujjat hisoblanadi. U muayyan hududda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradi va uning to‘lovi har oy amalga oshiriladi.


Avvalroq Spot Tojikiston mehnat migrantlari uchun eng kichik yosh chegarasini 18 yosh etib belgilagani haqida yozgandi.