Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Uchrashuvda yuk vagonlari importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi ma’lum qilindi.

Prezidentning aytishicha, yuk vagonlariga talab yildan yilga oshib bormoqda, shuning uchun vagonlar parkini har yili 5−6 mingtaga ko‘paytirish kerak.

Buning uchun tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratiladi:

  • yuk vagonlarini import qilish QQSdan ozod etiladi;
  • temir yo‘l liniyasidan foydalanish to‘loviga 20% gacha chegirma beriladi;
  • xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi.

Mirziyoyev Jahon banki bilan birgalikda temir yo‘l sohasida yangi tarif siyosati ishlab chiqilganini ham aytdi. Mutasaddilarga uni 2027-yildan bosqichma-bosqich joriy etishni boshlash topshirildi.

Kelasi yildan har bir yo‘nalish bo‘yicha temir yo‘l liniyasidan foydalanish, lokomotiv va vagon uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladigan tizim joriy etiladi.

Avvalroq Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi yangi vagonlarni eksport qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.