Toshkent davlat texnika universitetida 300 ga yaqin talaba yotoqxonadan chiqarib yuborildi.

Universitet talabalari Kun.uz'ga murojaat qilib, 6-oktabr kuni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan yotoqxonadan taxminan 300 nafar talaba chiqarib yuborilganini bildirgan. Ularning aytishicha, yotoqxona uchun to‘lovlar oldindan amalga oshirilgan.

Talabalar so‘zlariga ko‘ra, 5-oktabr kuni yotoqxonani bir kun ichida bo‘shatish talab qilingan. Ertasi kuni kechki payt universitet prorektori, prokuratura xodimi va uchastka inspektori kelib, binoni bo‘shatish kerakligini aytgan. Talabalar orasida qizlar ham bo‘lgan.

Talabalarga yotoqxonaning litsenziyasi mavjud emasligi sababli bino bo‘shatilayotgani aytilgan. Ularning ta’kidlashicha, yotoqxona uchun pul to‘lagan bo‘lsa-da, qayerga joylashishi yoki to‘langan mablag‘lar taqdiri bo‘yicha aniq yechim taklif qilinmagan.

“Bu masalani Oliy ta’lim vazirligi orqali hal qilishga harakat qildik. Ammo ular bu masalani hal qila olmasligini, litsenziya bo‘lmasa, buni ichki ishlar organlari hal qilishini aytdi. Biz esa hozir qayerga borishimizni bilmaymiz”, — deydi talabalar.

Ushbu xabardan keyin yaqinda qaytadan tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, Toshkent davlat texnika universitetining Talabalar shaharchasida DXSh asosida qurilgan yotoqxona hali rasman foydalanishga topshirilmagan.

Vazirlikka ko‘ra, obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan. Shu sababli obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas.

Amaldagi tartibga ko‘ra, talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali ariza topshirib, yo‘llanma olganidan so‘ng turar joyga joylashtiriladi. Biroq tadbirkor ayrim talabalarni belgilangan tartibga rioya qilmasdan, yo‘llanmasiz joylashtirgan. TDTUga tegishli bo‘lmagan boshqa OTM talabalari ham ushbu obyektga joylashtirilgan.

Holat aniqlangach, talabalar xavfsizligini va zarur sharoitlarni ta’minlash uchun ular yotoqxonadan chiqarilib, TDTUning mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa OTM talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z ta’lim tashkilotlariga qaytarilgan.

Vazirlik xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan obyektda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan. Ular ham xavfsizlik choralari doirasida yotoqxonadan chiqarilgan.

Hozirda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda. Obyektda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan.

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda o‘tkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obyektdan foydalanish boshlanmagan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, ruxsat olingach, yotoqxona belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalar amaldagi tartib asosida joylashtiriladi. TTJga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar esa tadbirkor tomonidan to‘liq, ya’ni 100% qaytarib berildi.

Qayd etilishicha, tadbirkorning belgilangan tartibga rioya etmagan holda yotoqxonaga talabalarni joylashtirgani haqida universitet va vazirlik oldindan xabardor bo‘lmagan.

Avvalroq Spot ikkinchi yoki keyingi yo‘nalishga kirganlar birinchi yo‘nalishda super-kontraktda o‘qishi mumkinligi haqida yozgan edi.