Toshkent shahrida turar joy qurilishiga ruxsat olib berish evaziga $840 ming talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV xabar berdi.
1970-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta korxona egasi yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsga Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 9 gektarlik noturar joy obyektining 4 gektarida turar joy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni va‘da qilgan.
U Davlat kadastr agentligida ishlovchi vakolatli mansabdor tanishlariga pora berish orqali turar joy binosini hujjatlashtirish hamda mazkur yer maydonida kelgusida turar joy binolari qurishga ruxsat olib berishga ishontirgan.
Buning evaziga murojaatchidan dastlab $100 ming, keyinchalik esa $740 ming, jami $840 ming talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi restoranlardan birida oldindan talab qilingan $100 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismi (firibgarlik) hamda 28-moddasi orqali 211-moddasi 3-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Spot avvalroq Toshkent viloyatida 60 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini olib berish uchun $100 ming so‘ragan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.