Doniyor Kadirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tegishli farmonga tayanib xabar berdi.
U 2025-yil 14-iyuldan buyon Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari departamenti rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Undan oldin esa qariyb ikki yil davomida prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
Doniyor Kadirov yangi lavozimda o‘tgan hafta bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan Erkinjon Turdimov o‘rnini egalladi.
Oktabr oyi boshida prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgandi. Yangi vazirlik maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha bo‘lgan barcha bosqichlar hamda ilm-fan sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
9-oktabr kuni prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2025-yildan buyon faoliyat olib borayotgan edi.
Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ta’lim sohasiga “eng ishongan kadrini olib kelgani"ni qayd etdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sohada son oshib, sifat kamayib ketgan.