01

Nima bo‘ldi?

Prezident 15-iyun kuni o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tan olish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1153-son) imzoladi.

Unga ko‘ra, yer uchastkalaridan hujjatsiz foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarga 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar hisoblangan uch karra yer solig‘i bekor qilindi.

Endi ushbu davr uchun avval hisoblangan soliqlar fuqarolarga qaytarilishi mumkin.

02

Qanday yerlarga taalluqli?

Qayta hisob-kitob jismoniy shaxslarga tegishli turar joylar va noturar joylarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu hujjatsiz foydalanilgan yoki hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq foydalanilgan yer uchastkalarini ham qamrab oladi.

Hujjatsiz yer quyidagi holatlarni anglatadi:

  • yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas yoki mavjud huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan;
  • yer maydoni hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan.

Masalan, hujjat bo‘yicha 12 sotix yer ajratilgan bo‘lib, amalda 14 sotix yerdan foydalanilayotgan bo‘lsa, uning ortiqcha 2 sotix qismiga hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan yer sifatida qaraladi.

03

Nima uchun aynan 2020−2024-yillar?

2020−2024-yillar davomida hujjatsiz egallangan yer uchastkalariga huquqni rasmiylashtirishning aniq mexanizmi mavjud bo‘lmagan.

Faqat 2024-yilning avgust oyida qabul qilingan qonun (O‘RQ-937-son) ga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy etildi.

Shu sababli fuqarolarning hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati cheklangan bo‘lgan davr uchun uch karra soliqni qo‘llash bekor qilinmoqda.

Muhim: 2024-yil 1-iyundan keyin hujjatsiz foydalanilgan yoki hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan yerlar uchun oshirilgan soliqni hisoblash amaldagi qonunchilik asosida davom ettiriladi.

04

Qayta hisob-kitob qanday bo‘ladi?

Soliq qo‘mitasi buning uchun hozirda texnik tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.

Qayta hisob-kitob qo‘mita tomonidan markazlashtirilgan va avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Buning uchun fuqarolardan alohida murojaat yoki ariza talab etilmaydi.

Soliq organlari axborot tizimlarida 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar muddat uchun uch karra hisoblangan summalar avtomatik ravishda bir karrali stavkaga keltiriladi.

Jarayon yakunlangach, ma’lumotlarni:

  • Soliq mobil ilovasi;
  • shaxsiy kabinet;
  • soliq organlariga bog‘lanish orqali bilib olish mumkin bo‘ladi.

05

To‘langan summalar nima bo‘ladi?

Agar soliq to‘lovchi avval uch karra hisoblangan soliqni to‘lagan bo‘lsa:

  • ortiqcha to‘langan summa aniqlanadi;
  • ushbu mablag‘ kelgusi davrlar uchun hisoblangan soliqlar hisobiga avtomatik ravishda yo‘naltiriladi;
  • ortiqcha mablag‘ saqlanib qoladi va “kuyib ketmaydi”.

06

Ortiqcha to‘lovni qaytarib olish mumkinmi?

Ha. Soliq kodeksining 103−105-moddalariga muvofiq ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarib olish mumkin.

Buning uchun:

  • soliq organiga ariza beriladi;
  • bank rekvizitlari ko‘rsatiladi;
  • soliq organi ortiqcha to‘lov mavjudligini tekshiradi.

Agar soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lsa, mablag‘ avvalo ushbu qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltiriladi. Qarzdorlik mavjud bo‘lmasa, ortiqcha mablag‘ qaytariladi.

Ariza qabul qilinganidan keyin ortiqcha to‘langan mablag‘ 15 kalendar kuni ichida qaytariladi.

07

Qancha fuqaroning soliqlari qaytariladi?

Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 4 mln 344 mingta ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan qayta hisob-kitob amalga oshirilishi kutilmoqda.

Shundan 2 mln 751 mingta obyekt hujjatsiz, qariyb 1,6 mlnta yer maydoni esa hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan.

Qayta hisob-kitob natijasida jami 1,5 trln so‘mga yaqin soliq summasi qayta ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

08

Soliqlar bekor qilinishi yerga egalik huquqini beradimi?

Yo‘q.

Uch karra soliqning bekor qilinishi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni e’tirof etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda obyekt avvalo xatlovdan o‘tkaziladi, so‘ngra tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishish jarayonidan o‘tadi.

Bunda nafaqat soliq organlari, balki vakolatli boshqa tashkilotlarning ham tegishli xulosalari talab etiladi. Agar fuqaroning soliq qarzdorligi BHMning 30 baravari, ya’ni 12,36 mln so‘mdan ko‘p bo‘lsa, uni bartaraf etish uchun muddat beriladi va shundan keyin hujjatlashtirish jarayoni davom ettiriladi.

Fuqarolar hujjatlashtirish jarayonidan belgilangan tartibda o‘tishlari kerak.

09

MIBga yuborilgan qarzdorliklar nima bo‘ladi?

Agar Majburiy ijro byurosiga (MIB) yuborilgan qarzdorlik tarkibida uch karra soliq hisobidan yuzaga kelgan summa mavjud bo‘lsa:

  • qayta hisob-kitob amalga oshiriladi;
  • qarzdorlik miqdori kamaytiriladi;
  • MIBdagi ijro hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi;
  • ortiqcha qism bo‘yicha ijro hujjatlari soliq organlari tomonidan qaytarib olinadi.

Fuqarolardan bu bo‘yicha alohida murojaat talab etilmasligi rejalashtirilmoqda.

10

Penyalar ham qayta hisoblanadimi?

Ha.

Asosiy soliq summasi kamaytirilganda unga bog‘liq penya summalari ham avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.

Agar penya to‘langan bo‘lsa, u ham ortiqcha to‘lov sifatida e’tirof etiladi va boshqa soliqlar hisobiga o‘tkazilishi yoki belgilangan tartibda qaytarilishi mumkin.

11

Yer maydoni noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa-chi?

Uch karra yer solig‘i kadastr organlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblanadi.

Agar fuqaro yer maydoni yoki kadastr ma’lumotlari noto‘g‘ri kiritilgan deb hisoblasa, masala kadastr organlariga murojaat qilish orqali hal etiladi.

Kadastr organi ma’lumotlarni tekshirib, zarur o‘zgartirishlarni axborot tizimiga kiritadi.

Shundan so‘ng soliq summasi yangilangan kadastr ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.