Ozarbayjonning mamlakatdagi eng yirik davlat banki — Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) O‘zbekistondagi xususiy Davr Bank’ni xususiylashtirish jarayonini yakunladi. Bu haqda 23-avgust kuni Toshkentga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevga namoyish etilgan qo‘shma loyihalar haqidagi videorolikda ma’lum qilindi.

“Moliya sektorida Ozarbayjon Xalqaro banki Davr Bank’dagi ulushni sotib olishni yakunladi. Bu ikki davlatning bank sohasidagi hamkorligida yangi bosqichni boshlab bermoqda”, — deyiladi lavhada.

Ilhom Aliyev. Foto: Prezident matbuot xizmatiIlhom Aliyev. Foto: Prezident matbuot xizmati

Bir kun avval O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Ozarbayjonning O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini ochish va ularga tamal toshi qo‘yish marosimida onlayn tarzda ishtirok etdi. Ochilgan uchta loyihadan biri Davr Bank bo‘ldi.

Bundan tashqari, Ilhom Aliyev OAV vakillari bilan uchrashuvda ikki davlatning bank sohasidagi hamkorligini tilga olib, “Ozarbayjonning yetakchi banki O‘zbekiston bozoriga kirdi”, deya ta’kidladi.

22-avgust kuni Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari IV forumida ABB’ning O‘zbekiston bank bozoriga kirishini e’lon qildi.

“Bugun Ozarbayjon va butun Janubiy Kavkaz mintaqasidagi eng yirik bank — ABB bilan shartnoma imzolanadi. Bu bankning hamkorlik va Davr Bank’dagi ulushni sotib olish orqali O‘zbekiston bozoriga kirishini anglatadi”, — dedi Ozarbayjon vaziri.

Mikayil Jabborov. Foto: ISSVMikayil Jabborov. Foto: ISSV

Jabborov Shavkat Mirziyoyev, regulyator, Markaziy bank va mamlakat hukumatiga qulay investitsiya muhitini yaratgani va loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Trend axborot agentligining qayd etishicha, vazir bo‘lajak kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmagan.

Bitim haqida nimalar ma’lum

May oyida davlatga tegishli Ozarbayjon xalqaro banki yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning Davr Bankini sotib olish va O‘zbekiston bozorida ish boshlashni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ozarbayjon davlat banki Davr Bank aksiyalarining 51%ni $100 MLNga sotib olish niyatini bildirgan.

Iyun oyida Davr Bank aksiyadorlari Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) bilan bankning 51% aksiyalarini sotish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni ma’qulladi.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Davr-bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki 2001-yil 29-sentabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bankning eng yirik ulushi — 46,9% Ubayev Lutfulla Xayrullayevichga tegishli. Shuningdek, Ubayeva Maxfuza Abdumalikovna 13,5%, Raxmatullayeva Durdona Lutfullayevna 9,9% hamda Mirzayatov Mirkodir Mirsagatovich 9,8% ulushga egalik qiladi.

davr bank, ozarbayjon xalqaro banki


Avvalroq Spot Mirziyoyev va Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagani haqida yozgandi.