Ozarbayjon va O‘zbekiston Ustyurtdagi neft-gaz resurslarini qidirish bo‘yicha ishlarni yakuniy bosqichga olib kelgan va kelasi yilning o‘zidayoq ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilashni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 23 avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida OAV vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar loyiha bo‘yicha ishlarning yakuniy bosqichida va qidiruv burg‘ilash hamda boshqa geologik-qidiruv ishlari natijalarini kutmoqda.
“Biz allaqachon yakuniy bosqichdamiz va umid qilamizki, qidiruv burg‘ilash hamda geologik-qidiruv ishlari yaxshi natija beradi va kelasi yili ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilashni boshlaymiz”, — dedi Aliyev.
Ustyurtdagi neft-gaz resurslarini o‘zlashtirish loyihasida O‘zbekneftgaz va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi 30% dan, Britaniyaning BP kompaniyasi esa 40% ulush bilan ishtirok etmoqda.
Aliyev ikki davlat hamkorligi doirasida energetika, transport va investitsiya loyihalaridan tortib, turizm, tog‘-kon sanoati, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlashgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalar qamrab olinganini ta’kidladi.





Ustyurt platosidagi loyiha
2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.
Joriy yilning 24-iyul kuni Ozarbayjon kompaniyasi bilan Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolandi. Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.
Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt platosi bo‘ylab mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekistonga importni to‘liq qoplash va chorak asr davomida neftga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi. Qazib olingan gaz ichki bozorga yo‘naltiriladi, sanoat esa “arzon va sifatli neft mahsulotlari” bilan ta’minlanadi.
Uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida qariyb $2 mlrd sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilgan zaxiralar — 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz. Ustyurt platosida yiliga 5 mln tonna neft qazib olish rejalashtirilgan — bu hozirgi importdan 2,5 baravar ko‘p.
Avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishganini ma’lum qilgandi. “Umid qilamizki, yaqin bir-ikki yil ichida biz yaxshi yangiliklarga ega bo‘lamiz. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi xabarni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi u.
Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sanoati tarixida birinchi marta Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda “ulkan gaz zaxiralari” aniqlanganini e’lon qildi.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘i barpo etilishi haqida yozgandi.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev bog‘ning qurilish ishlariga start berdi. U 4 gektar maydonda tashkil etiladi.




