Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘ini barpo etish ishlarini boshlab berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bog‘ uchun Yangi Toshkentda 4 gektar maydon ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjon madaniyati, tarixi va milliy an’analarini aks ettiradigan jamoat makoni tashkil etiladi.
“U ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va do‘stligini namoyon etadigan maskanga aylanadi”, — deyiladi xabarda.





Davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berdi.
2025-yilning iyulida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Bokuda qiymati $80 mlnlik O‘zbekiston bog‘iga tamal toshi qo‘ygan edi. 4,5 gektar maydonda tashkil etiladigan ushbu majmuada O‘zbekiston madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi namoyon etiladi. Unda mamlakat tarixiy obidalarining me’moriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning aprel oyida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi hamda kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotida Toshkent va Bokuda ikki mamlakat bog‘larini barpo etish rejalari muhokama qilingandi.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining yangi kampusi ochilgani haqida yozgan edi.




