Toshkent va Bokuda yangi bog‘lar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov Ozarbayjonda ushbu mamlakat Iqtisodiyot vazirligi hamda yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazdi.
Unda qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va xalqaro urbanistika forumida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, transport va logistika, shaharsozlik, agrosanoat majmuasi va farmatsevtika kabi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.



Bunda Boku shahrida O‘zbekiston, Toshkentda esa Ozarbayjon bog‘larini barpo etishga alohida e‘tibor qaratildi.
Shuningdek, dorixonalar tarmog‘ini kengaytirish hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash loyihalari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, 2025-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $307,3 mlnni tashkil etgan.
2025-yilning iyulida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Bokuda qiymati $80 mln bo‘lgan O‘zbekiston bog‘i qurilishiga start bergandi. 4,5 gektar maydonni egallagan majmua Buxoro, Samarqand va Xivaning tarixiy binolarini rekonstruksiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Keyinroq poytaxt hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov Toshkentda Ozarbayjon bog‘ini barpo etish rejalashtirilganini maʼlum qilgandi.
Spot, avvalroq, Ulug‘bek shaharchasidagi 190 gektar yer dendrologiya bog‘ini barpo etish uchun poytaxt hokimligiga berilgani haqida yozgandi.


