Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek shaharchasidagi 190 gektar yerning berilishi milliy dendrologiya bog‘ini tashkil etish bilan bog‘liq. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakovning 10-apreldagi qaroridan ma’lum bo‘lishicha, 1-aprel kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ulug‘bek shaharchasi hududida joylashgan 190 gektar yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish va uni davlat yer zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risida xat yuborgan.

Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga Toshkent shahar hokimligi tasarrufidagi yer uchastkasini bo‘sh deb e’tirof etish va hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish topshirildi.

Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov zimmasiga yuklatildi.

Prezidentning 25-martdagi qaroriga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari, homiylik mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan quyidagi bog‘larni tashkil etishni boshlaydi:

  • Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 250 gektar maydonida va unga tutash hududlarda dendrologiya parki;
  • Toshkent va Qibray tumanlarining 83 gektar maydonida, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) qarshisida joylashgan dendrologiya bog‘ini tashkil etish.

“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent hokimiyatiga zarurat tug‘ilganda yer toifasini o‘zgartirish, ularni tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarish va Ekologiya qo‘mitasiga doimiy foydalanish uchun berish vakolati berilgan.

Keyinchalik Ekologiya qo‘mitasi hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlarini tanlash, ularning sonini aniqlash hamda loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Shu asosda dendrologik park barpo etiladi.

Loyiha davlat ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan maqsadli jamg‘arma, homiylik mablag‘lari va boshqa qonuniy manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Uni Toshkent hokimiyati, Fanlar akademiyasi, Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya qo‘mitasi hamda O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish agentligi amalga oshiradi.

dendropark, milliy dendrologiya bog‘i, toshkent shahri

Mart oyi oxirida prezidentga poytaxtda 108 gektar maydonda 50 ming tup daraxt va 100 ming tup butadan iborat Milliy dendrologiya bog‘ini tashkil etish konsepsiyasi taqdim etildi. Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i barpo etiladi. Infratuzilma quyosh panellari, tomchilatib sug‘orish tizimi va ikkilamchi xomashyodan tayyorlangan materiallarni o‘z ichiga oladi.

Bog‘ Green University uchun laboratoriya, shuningdek, bioturizm va ekota’lim markazi bo‘ladi. Bu havo haroratini 2−4 darajaga pasaytirishi va namlikni 10−15% ga oshirishi kutilmoqda.

1-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘i tashkil etilishiga start berdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara hududlarida Toza havo loyihasini ishga tushirishi haqida yozgan edi.