Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi turistik maskanlarga dam olish va bayram kunlari qo‘shimcha transport qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Chinorkent temir yo‘l bekati — Beldersoy yo‘nalishidagi 324M va 325M-sonli mikroavtobuslar Amirsoy va Chimyon orqali harakatlanadi.
Odatiy kunlarda ushbu yo‘nalishlarda 20 ta mikroavtobus soat 6:00 dan 18:30 gacha har 15 daqiqada qatnaydi. Bir kunda jami 86 ta qatnov amalga oshiriladi.
Bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida qatnovlar soat 5:30 dan boshlanib, har 10 daqiqada amalga oshiriladi. 324M yo‘nalishida qatnovlar 22:06 gacha, 325M yo‘nalishida esa 22:00 gacha davom etadi.
Bu kunlarda 324M yo‘nalishidagi mikroavtobuslar soni 15 tagacha, 325M yo‘nalishida esa 16 tagacha oshiriladi. Natijada jami qatnovlar soni 158 taga yetkaziladi.
Shuningdek, Mashinasozlar metro bekati — Xumson qo‘rg‘oni (Chorvoq) yo‘nalishidagi 1226-sonli avtobus yo‘nalishida uchta avtobus muntazam qatnaydi. Dam olish va bayram kunlari talabga qarab yana bitta avtobus zaxiraga chiqariladi.
Bundan oldinroq O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘zbekistonliklar ish haftasining turiga qarab ketma-ket uch yoki to‘rt kun dam olishi aytilgandi. Bayram kunlarida dam olish tartibi quyidagicha:
- 29-avgust, shanba — besh kunlik ish haftasida dam olish, olti kunlikda ish kuni;
- 30-avgust, yakshanba — barcha uchun dam olish kuni;
- 31-avgust, dushanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1-sentabr, seshanba — Mustaqillik kuni, ishlanmaydigan bayram kuni.
Spot, avvalroq, turizm biznesiga yangi imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.