O‘zbekneftgaz o‘zi ulushga ega bo‘lgan qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytirish va ta‘sischi sifatidagi huquqlarini ta‘minlash bo‘yicha tizimli ishlarni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kuni kecha O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdulg‘ani Sanginov raisligida Natural Gas-Stream, New Silk Road Oil and Gas va ANDIJANPETRO qo‘shma korxonalari faoliyati muhokama qilindi.



Dastlabki tahlil boshqaruv, hisobdorlik va moliyaviy intizomda “bir qator tizimli muammolar” mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim korxonalarda ish jarayonlari yetarlicha tartibga solinmagan, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarda zarur shaffoflik yo‘q, O‘zbekneftgaz oldidagi hisobdorlik mexanizmlari esa to‘liq shakllantirilmagan.
Shu bilan birga, qazib olish hajmining yildan-yilga pasayishi, investitsiyalardan foydalanish samaradorligi bilan bog‘liq muammolar, moliyaviy barqarorlikning yetishmasligi va dividend to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilmayotgani qayd etildi.
Kompaniya ushbu muammolarning chuqurlashishiga ta‘sischi tomonidan tegishli nazoratning yo‘qligi sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi. O‘zbekneftgaz rahbariyati bunday yondashuvga bundan buyon yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma‘lum qildi.
Yangi tizim doirasida qo‘shma korxonalarning qazib olish quvvatlari, geologiya-qidiruv ishlari va geologik-texnik tadbirlarning samaradorligi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, korxonalarning O‘zbekneftgaz oldidagi qarzdorligini inventarizatsiya qilish hamda moliyaviy oqimlar va xaridlar ustidan nazoratni raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.




Endilikda qo‘shma korxonalarda rejalashtirilgan har bir tadbir, investitsiya loyihasi va ish jarayoni O‘zbekneftgaz bilan kelishilishi shart. Qarorlar faqat ularning zarurati, iqtisodiy samaradorligi va qiymati tahlil qilingandan so‘nggina qabul qilinadi.
Korxonalarning moliyaviy holati va dividend siyosatiga alohida e‘tibor qaratiladi. 2025−2026-yillar uchun dividendlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lashni ta‘minlash, mavjud qarzdorlikni qoplash hamda kelgusidagi majburiyatlar ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Shu tariqa kompaniya mablag‘larning maqsadsiz va samarasiz ishlatilishining oldini olish hamda har bir xarajat va qaror ustidan nazorat o‘rnatishni ko‘zlamoqda.
Yakuniy maqsad — qo‘shma korxonalarni O‘zbekneftgazga daromad keltiradigan, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va sof foydasi o‘sib boruvchi, samarali boshqariladigan hamda moliyaviy barqaror kompaniyalarga aylantirishdan iborat.
Spot, avvalroq, Chorvoqda 20 MVt quvvatga ega yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.






