Toshkentda yaqin besh yilga mo‘ljallangan Toshkent-2030 strategiyasi loyihasi taqdim etildi. Hujjat poytaxt iqtisodiyotini 2,1 barobarga — $60,4 mlrdgacha oshirishni (avvalroq prezident $52 mlrd haqida aytgan edi), shuningdek, aholi daromadlari, bandlik, transport, uy-joy, sog‘liqni saqlash va ta‘lim sohalarida bir qator maqsadlarni ko‘zda tutadi.
Taqqoslash uchun: 2018-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YIM) $61,32 mlrdni tashkil etgan.

Strategiya loyihasini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov taqdim etdi. Muhokamada deputatlar, tarmoq idoralari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Strategiya prezidentning 16-fevraldagi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston-2030 umummilliy strategiyasi asosida ishlab chiqilgan. U 68 ta maqsad va 236 ta samaradorlik ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi. Har bir ko‘rsatkich bo‘yicha mas‘ullar, muddatlar va moliyalashtirish manbalari belgilangan.
Maqsadlar
Strategiyaning asosiy vazifalaridan biri — iqtisodiy o‘sish poytaxt aholisining daromadlari va hayot sifatiga ta‘sir etishini ta‘minlashdir.
2030-yilga borib aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulotni $9,3 mingdan $17,7 minggacha (bungacha $15 ming edi) oshirish rejalashtirilmoqda. Mutlaq kambag‘allikka butunlay barham berish niyat qilingan — ko‘rsatkich nolga tushishi kerak (avval — 1%).
Manzilli qo‘llab-quvvatlash hisobiga muhtoj ayollar sonini 3,5 barobarga — 98 399 nafardan 27 922 nafargacha kamaytirish rejalashtirilgan. IT sohasida 23 ming nafar yoshni ish bilan ta‘minlash, Ibrat farzandlari loyihasi doirasida esa 461 ming nafar yoshning xorijiy tillarni o‘zlashtirishiga erishish belgilangan.
Yillik inflatsiyani 5% darajasida, ishsizlikni esa 3,5% doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.
Poytaxtda har yili 54 574 xonadonga mo‘ljallangan uy-joylarni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Aholi jon boshiga uy-joy bilan ta‘minlanganlik 16,6 kv. m dan 24,4 kv. m gacha oshishi kerak. Shuningdek, Yangi Toshkent turar joy massivini barpo etish nazarda tutilgan.
Metro bekatlari sonini 50 tadan 79 taga, tarmoq uzunligini esa 71 kilometrdan 103 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. Poyezdlar harakat oralig‘i 2−3 daqiqagacha qisqarishi lozim.
Jamoat transportidagi qatnovlar ulushi 40% dan 60% gacha oshishi lozim. Bundan tashqari, 1 ming kilometr yo‘lni ta‘mirlash va 700 ta “aqlli” chorraha tashkil etish rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 75,2 yoshdan 78 yoshgacha uzaytirish rejalashtirilgan. Barcha tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtirilishi zarur. Maktabgacha ta‘lim bilan qamrov 81,2% ga, oliy ta‘lim bilan qamrov esa 50% ga yetishi kerak.
Alohida maqsad poytaxtni ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan. Yashil maydonlar ulushi 14,1% dan 30% gacha oshirilishi, buning uchun 4 450 gektar yangi yashil hududlar yaratilishi rejalashtirilgan. Maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari bilan qamrov darajasi 100% ni tashkil etishi kerak.
Poytaxtning yillik eksport hajmini $7,5 mlrdga, Toshkentdan mahsulot va xizmatlar yetkazib beriladigan davlatlar sonini esa 120 taga yetkazish rejalashtirilgan. IT-xizmatlari eksporti 5,2 barobarga — $775 mlndan $4 mlrdgacha o‘sishi kerak.
Xorijiy sayyohlar sonini yiliga 7,5 mln nafarga, mahalliy sayyohlar sonini esa 20 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
YHMda xususiy sektor ulushi 51,7% dan 66,6% gacha oshishi kerak. 103 mingta kichik biznes subyektiga izchil yordam ko‘rsatiladi.
Kim nazorat qiladi?
Agentlikning ta‘kidlashicha, ushbu strategiya avvalgi dasturlardan farqli o‘laroq, maqsad-harakat-natija tamoyili asosida tuzilgan.
Toshkent shahrining har bir tumani uchun alohida “hududiy pasport” ishlab chiqiladi. Fuqarolar strategiya ijrosini Ijro.gov.uz raqamli platformasi va tizimi orqali yashil-sariq-qizil toifalaridan foydalangan holda ochiq kuzatib boradi.
Amalga oshirish jarayonining oraliq baholanishi 2028-yilda, yakuniy baholash esa 2031-yilning birinchi choragida o‘tkaziladi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha strategiya loyihasi ma‘qullandi va uni amalga oshirish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 4,36 gektarlik onkologiya markazi o‘rnida Yoshlar shaharchasi va bog‘ tashkil etilishi haqida yozgandi.
