O‘zbekiston yagona soliq stavkasidan voz kechib, progressiv soliqqa tortish shkalasiga qaytishi mumkin. Bu haqda 16-may kuni “Rossiya — Islom olami: KazanForum — 2024” xalqaro iqtisodiy sammitida Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari progressiv soliq shkalasi bilan ish haqining ko‘p qismi konvertda to‘langan. Yagona ijtimoiy to‘lov (YIT) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShODS) stavkalarining pasaytirilishi “tadbirkorlar uchun ishchilarni rasman jalb qilishni yanada foydali qilish” maqsadi bilan izohlandi.

Soliq qo‘mitasi vakilining ta’kidlashicha, aksariyat xorijiy mamlakatlarda soliqqa tortishning progressiv shkalasi qo‘llaniladi.

“O‘ylaymanki, vaqt o‘tib, bularning barchasi shakllanib bo‘lgan va tizim to‘liq mustahkamlanganidan so‘ng, soliqqa tortishning progressiv shkalasiga [o‘tish] haqida o‘ylashimiz mumkin”, — deya javob berdi Timur Ismoilov tinglovchilarning savoliga.

Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarbayjon soliq organlari vakillari progressiv soliq shkalasiga o‘tishni qo‘llab-quvvatladilar. Argumentlardan biri sifatida ijtimoiy adolatni ta’minlash keltirildi.

Avvalroq prezident investorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan 3 yilga ozod etilishini ma’lum qilgandi.