Yakkasaroy tumanidagi New Port turar joy majmuasi qurilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi xabar berdi.
2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Damariq MFY, Abdulla Qahhor ko‘chasi, 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya mablag‘lari to‘liq to‘lanmayotgani hamda uy noqonuniy buzilayotgani haqida videomurojaat tarqalgan.
Tergovga qadar tekshiruvda Mega Logistics Servise korxonasi mansabdor shaxslari mazkur manzildagi fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmagan bo‘lsa-da, uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.
Bundan tashqari, kompaniya tegishli ruxsatnomalarni olmasdan ushbu hududda bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar joy binosini o‘zboshimchalik bilan qurgani ma‘lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prokuratura jinoyat ishi alohida nazoratga olingani va tergov yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishini ma‘lum qildi.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Mega Logistics Service 2009-yil 16-iyulda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi sifatida “turar joy binolarini qurish” ko‘rsatilgan.
Korxonaning ustav fondi 214,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning eng yirik ta‘sischisi 49,2% ulushga ega fuqaro Wang Ruoyu hisoblanadi. Yana 31% ulush Turkiyaning Milestone Insaat Sanayi ve Ticaret Limited Sirketi kompaniyasiga, 19,8% esa One House kompaniyasiga tegishli. Korxona rahbari sifatida Ikramov Umidxo‘ja Yusuf o‘g‘li ko‘rsatilgan.
Bundan oldin Toshkentning Mirobod tumanidagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Spot, avvalroq, Qurilish inspeksiyasi ko‘p qavatli uylarda tayanch devorlarni buzmaslikka chaqirgani haqida yozgandi.
