Ko‘p qavatli uylarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga shikast yetkazganlik uchun ma‘muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Inspeksiya ma‘lumotiga ko‘ra, ayrim mulkdorlar xonadonni kengaytirish maqsadida tayanch devorlarni buzish yoki temir-beton plitalarni teshib, yerto‘laga yo‘l ochish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.

Bunday harakatlar binoning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga jiddiy zarar yetkazib, uning seysmik barqarorligiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi hamda boshqa fuqarolar hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi.

Qayd etilishicha, bunday qoidabuzarlik aniqlansa, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga asosan jismoniy shaxslarga BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Agar qoidabuzarlik ma‘muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, Jinoyat kodeksining 229³-moddasiga muvofiq aybdorlarga 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2−3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2−3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Inspeksiya bunday holatlarning oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari kuchaytirilganini bildirib, fuqarolarni aniqlangan qoidabuzarliklar haqida call-markaz orqali xabar berishga chaqirdi.

O‘tgan hafta oxirida Toshkentning Olmazor tumanida qurilayotgan mehmonxona hududidagi kotlovanning bir qismi qulab tushgandi.

Guvohlarning aytishicha, tuproq bilan birga qurilish to‘sig‘i ham kotlovanga tushib ketgan, yo‘lning bir qismi cho‘kib, asfalt qoplamasi qisman buzilgan. Aholi yo‘lning yana qulash xavfi yuqori ekanini, chunki asfaltning ayrim qismi ostida tuproq qolmaganini bildirgan.

Spot, avvalroq, Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.