Toshkentning Olmazor tumanida qurilayotgan mehmonxona hududidagi kotlovanning bir qismi qulab tushdi. Hodisa haqida dastlab ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi, keyinchalik poytaxt hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi vaziyat yuzasidan izoh berdi.
Tashkent Land Telegram-kanalining mahalliy aholi ma’lumotiga tayanib yozishicha, ko‘p qavatli uy yaqinidagi kotlovanning bir qismi qulagan.
Guvohlarning aytishicha, tuproq bilan birga qurilish to‘sig‘i ham kotlovanga tushib ketgan, yo‘lning bir qismi cho‘kib, asfalt qoplamasi qisman buzilgan. Aholi yo‘lning yana qulash xavfi yuqori ekanini, chunki asfaltning ayrim qismi ostida tuproq qolmaganini bildirgan.
Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, hodisa Olmazor tumani, Orzu mavzesi, 3-uy manzilidagi qurilish obyektida sodir bo‘lgan. Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, “tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan jabrlanganlar yo‘q”.
Qurilish maydonining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi (ko‘k belgi). Foto: Google Earth’dan olingan skrinshot
Shahar hokimining topshirig‘i bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish inspeksiyasi, prokuratura, Olmazor tumani hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzildi.
“Hozirda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, xavfli hududni o‘rash va unga kirishni cheklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, atrofdagi hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalari holatini o‘rganmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shahar hokimligi tekshiruv yakunlariga ko‘ra mas’ullarning harakatlariga huquqiy baho berilishi, shaharsozlik qonunchiligi va qurilish me’yorlarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgach, inspektorlar va hamkor tashkilotlar mutaxassislari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Orzular” mahallasi hududida mehmonxona qurilishi uchun kotlovan qazish vaqtida pudratchi tashkilot ehtiyotsizlik oqibatida kotlovanning bir qismini qulatib yuborgan.
Hozirda qurilish maydonida hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
