Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish hamda jarima maydonchalarida saqlash xizmatlari uchun eng yuqori tariflar belgilanmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, maksimal tariflar quyidagicha belgilanadi:
- avtomobilni jarima maydonchasida saqlash — har bir sutka uchun BHMning 20%i (82,4 ming so‘m);
- maxsus transport vositasi bilan evakuatsiya qilish va tashish — har bir kilometr uchun BHMning 20%i.
Shu bilan birga, avtomobilni jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishning umumiy qiymati BHMning to‘rt baravaridan (1,648 mln so‘m) oshmasligi kerak.
YHXBning qayd etishicha, yagona cheklangan tariflarning joriy etilishi tizimni yanada tushunarli va shaffof qilish, fuqarolarni asossiz hisob-kitoblardan himoya qilish va ortiqcha to‘lovlarning oldini olishga xizmat qiladi.
“Asosiy maqsad — nafaqat xizmatlar narxini tartibga solish, balki poytaxt ko‘chalarida tartibni ta’minlashdir. Avtomobillar piyodalar yo‘laklarini, o‘tish joylarini va boshqa jamoat joylarini to‘sib qo‘ymasligi lozim”, — deyiladi xabarda.
May oyida Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillar evakuator yordamida jarima maydonchalariga olib ketilishi ma’lum qilindi. YHTEM bu chora piyodalar xavfsizligini ta’minlash, jamoat transporti va maxsus texnikalar harakatiga xalaqit beruvchi qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilganini bildirdi.
Iyun oyi boshida markaz noto‘g‘ri to‘xtash joylariga qarshi kurash kuchaytirilishini ma’lum qilib, trotuarlarda, piyodalar o‘tish joylari, bekatlar, yashil hududlar, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirmaslikka chaqirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil savdosi 18%ga oshgani yozgandi.