Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bazaltli issiqlik izolyatsiyasi ishlab chiqaruvchi Khorezm Insulation Group kompaniyasiga kredit ajratadi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
25 mln yevro ($29 mln) miqdoridagi kredit kompaniya balansini qayta tuzish va uning moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, KIG mablag‘ning bir qismini bazalt panellar ishlab chiqarish hajmini yiliga 30 ming tonnadan 100 ming tonnagacha kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi.
Korxona ixtisoslashtirilgan uskunalar xarid qilib, Urganchdagi zavodda yangi ishlab chiqarish liniyasini ishga tushiradi. Bankda qayd etilishicha, bu operatsion samaradorlikni oshirib, mahsulot sifatini yaxshilaydi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida kompaniya ichki va mintaqaviy bozorlardagi o‘rnini mustahkamlashni kutmoqda. Yangi liniyaning ishga tushirilishi Markaziy Osiyoda qurilish materiallariga bo‘lgan talabni yana-da yaxshiroq qondirish imkonini beradi.
Moliyalashtirish YTTBning xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi doirasida ajratilgan. Bank ma‘lumotlariga ko‘ra, uning O‘zbekistonga kiritgan umumiy sarmoyalari qariyb $6,9 mlrd ga yetgan.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Khorezm Insulation Group qo‘shma korxonasi 2021-yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, “boshqa toifalarga kiritilmagan nometall mineral mahsulotlar” ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 296,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Eng yirik ta‘sischi Sardorjon Tursunov hisoblanadi: korxonaning 57%i bevosita unga, yana 11,71%i esa u yagona mulkdor bo‘lgan SA Finance Invest Group firmasi orqali tegishli. Boshqa ta‘sischilar qatoridan Adahamjan Hamidov (30,16%), Bahodir Jalolov (0,83%) va Ulug‘bek Eshchanov (0,3%) o‘rin olgan.
2023-yil yanvar oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 1991-yilgacha qurilgan uylarni sovuqdan himoya qilish maqsadida ta‘mirlash dasturini tayyorlashni topshirgan edi. Dastur, jumladan, 31 mingta ko‘p qavatli uyni bosqichma-bosqich bazalt qoplamasi bilan qoplashni nazarda tutishi lozim edi.
Shuningdek, hukumat rahbari mamlakatda energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni oshirishga chaqirdi. O‘zsanoatqurilishbank va O‘zqurilishmateriallari uyushmasi oldiga bazalt ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston temir yo‘llari YTTBdan 38 mln yevrodan ortiq kredit olishi haqida yozgandi.