Namangan xalqaro aeroportining yangi yo‘lovchi terminali iyun oyi oxirida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda 5-may kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
“Namangan deyarli tayyor […] O‘ylaymanki, iyun oyi oxirida yo‘lovchi terminali tayyor bo‘ladi”, — dedi u.
Transport vaziri o‘rinbosarining ma‘lum qilishicha, xususiy sherik tomonidan kiritilgan sarmoya qariyb $70 mlnni tashkil etgan — bu loyiha umumiy qiymatining yarmidir.
2025-yil sentabrida Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish ishlari bilan tanishgan edi. Qiymati $140 mlnlik loyiha davlat rahbariga 2024-yil bahorida taqdim etilgandi.




Uch qavatli yangi yo‘lovchi terminali o‘tkazuvchanlik quvvatini 2,5 baravarga — soatiga 1200 kishigacha oshiradi. Bu yerda zamonaviy chegara nazorati zonalari, biznes-zal, bojsiz savdo (duty free) do‘konlari, savdo va jamoat joylari, shuningdek, tibbiyot punkti joylashadi.
Shuningdek, kuniga 50 tonna yukka xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yuk terminali qurilmoqda. U havo transporti orqali dunyoning 90 ta mamlakatiga eksportni yo‘lga qo‘yish hamda Farg‘ona vodiysida yagona kargo tizimini yaratish imkonini beradi.
O‘shanda Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev havo kemalari uchun to‘xtash joylari sonini hozirgi 7 tadan 14 taga — ikki baravar oshirish rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgan edi. Aeroport modernizatsiya qilish loyihasini 2026-yil bahoriga qadar yakunlash ko‘zda tutilgandi.
Aprel oyida Namangan viloyati hokimligi modernizatsiya loyihasi doirasidagi qurilish ishlari jadal sur‘atda davom etayotganini xabar qilgandi. Shu bilan birga, unga tutash hududlarda ko‘kalamzorlashtirish va gul ekish ishlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, Buxoroning yangi aeroporti tenderiga 50 dan ortiq kompaniya qiziqish bildirgani haqida yozgandi.



