Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) Yangi Toshkent infratuzilmasini barpo etish uchun $2,5 mlrd ajratishi mumkin. Bu haqda Yangi Toshkent direksiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Bank va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjatni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, direksiya direktori Davronjon Adilov va YTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov imzoladi.
Tomonlar umumiy qiymati $2,5 mlrd bo‘lgan sakkizta ustuvor loyihani belgilab oldi.
Ular orasida metro liniyalari, sport va tibbiyot majmualari qurilishi, kommunal infratuzilmani rivojlantirish va ko‘p funksiyali shaharsozlik loyihalari bor.
18-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda Yashil makon umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini tezlashtirish va tashkiliy masalalarni tezkor hal etish vazifalari muhokama qilingandi. Prezident Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qat’iy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini ta’kidlagan.
Avvalroq prezident Turkiya kompaniyalariga pulli avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlari loyihalarida ishtirok etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.