Amerikaning yirik aviakompaniyalaridan biri United Airlines O‘zbekiston va Qozog‘istonni kelajakdagi xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘iga qo‘shish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Bu haqda kompaniya bosh direktori Skot Kirbi Markaziy Osiyoga parvozlar istiqboli haqida Cheeky Pint podkastida gapirdi, deya xabar bermoqda Live and Let’s Fly nashri.

Kirbi yangi yo‘nalishlarni tanlash bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh haqida gapirar ekan, uning rahbari Patrik Kveyl 2026-yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurganini aytdi.

Safardan maqsad ushbu mamlakatlarning aviatsiya bozori va yangi parvozlar uchun imkoniyatlarini o‘rganish bo‘lgan.

Aviakompaniya rahbari Markaziy Osiyoga parvozlarni hozircha amalga oshira olmasligini, bunga Rossiya havo hududidan foydalanish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

“Hozir u yerga ucha olmaymiz, chunki Rossiya havo hududi orqali parvoz qila olmaymiz. Ammo bu kelajakda amalga oshishi mumkin”, — dedi Kirbi.

Kirbi so‘zlariga ko‘ra, United Airlines yangi yo‘nalishlarni tanlashda faqat mavjud yo‘lovchilar oqimi va statistik ma’lumotlarga tayanmaydi.

Kompaniyaning maxsus jamoasi boshqa aviakompaniyalar xizmat ko‘rsatmaydigan yoki kam o‘rganilgan bozorlardagi imkoniyatlarni ham izlaydi.

Hozircha United Airlines O‘zbekiston yoki Qozog‘istonga parvozlarni boshlash bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilmagan. Live and Let’s Fly nashri ham bu xabarni yangi yo‘nalish e’loni emas, balki aviakompaniyaning kelajakdagi imkoniyatlarni o‘rganishi sifatida baholagan.


Avvalroq Spot Air Arabia O‘zbekistonning uchta shahriga reyslarni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.