Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdimotda davlat idoralarining axborot resurslarini birlashtiradigan yagona kriminogen ma’lumotlar platformasini ishga tushirish taklif qilindi. Sun’iy intellekt yordamida jinoyatchilik xavflarini tahlil qilish va prognozlash, shuningdek, kriminogen xaritalar tuzish ham rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini ham hisobga oladigan “kriminogen barqarorlik indeksi” joriy etiladi. Hozirgi baholash usullari asosan statistikaga tayanadi, idoralarning axborot tizimlari esa o‘zaro to‘liq integratsiya qilinmagan.
Qonun loyihasida ilk bor giyohvandlik, kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaning oldini olish profilaktikaning alohida yo‘nalishlari sifatida belgilanmoqda.
2014-yilda qabul qilingan amaldagi qonunga shu paytgacha 20 dan ortiq marta o‘zgartirish kiritilgan. Hozir profilaktika bilan 14 ta davlat idorasi shug‘ullanadi. Taqdimotda bu ro‘yxatni yana 7 ta idora bilan kengaytirish taklif qilindi. Biroq prezident bu taklif aniq asoslanishi kerakligini ta’kidladi.
Hududlarda 263 mingta yuzni taniydigan kamera, 70 mingta domofon va 22 mingta tashvish tugmasi o‘rnatilgan.
Mas’ullarga qonun loyihasini takomillashtirish hamda raqamli tahlil va monitoring mexanizmlarini joriy etish topshirildi.
Avvalroq Toshkentda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etilishi haqida xabar berilgandi.