Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida qiymati qariyb 310 mln so‘m bo‘lgan 20 ta smartfonni noqonuniy olib kirishga urinish aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijdan shaxsiy ehtiyoj yoki tijorat maqsadida mobil qurilma olib kelayotgan jismoniy shaxslar uni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishi va qurilmaning IMEI kodini kiritishi shart.
Bojxona xodimlari ayrim yo‘lovchilar deklaratsiyada olib kirilayotgan qurilmalarning emas, avval noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan boshqa telefonlarning IMEI kodlarini ko‘rsatganini aniqlagan.
Buning uchun smartfonlarning dasturiy ta’minoti qayta yuklanib, ularga boshqa qurilmalarga tegishli IMEI kodlar o‘rnatilgan. Natijada telefon sozlamalarida bir kod, USSD-so‘rov orqali tekshirilganda esa boshqa kod ko‘ringan.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Ushlangan qurilmalar iPhone’ning so‘nggi rusumlariga mansub. Ular bo‘yicha bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent aeroportida 8 ta iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 ni yashirincha olib kirayotganlar ushlangani haqida xabar berilgandi.